O‘zbekiston delegatsiyasi parrandachilik genetikasi bo‘yicha Britaniya tajribasini o‘rgandi
Aprel 01, 2026. 10:34 • 2 daq
• 40
EDINBURG, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, “Mikrokreditbank” ATB hamda “Parrandasanoat” uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya Shotlandiyaning Edinburg shahridagi “Aviagen” parrandachilik markazida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari kompaniyaning naslli parrandachilik sohasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishib, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Xususan, O‘zbekiston vakillari “Aviagen” kompaniyasining parranda genetikasi bo‘yicha olib borayotgan ishlari, laboratoriya faoliyati, parranda zotlarini yaratish va genetik jarayonlarni tashkil etish tajribasini o‘rgandi.
Tomonlar hamkorlikka doir yangi loyihalar bo‘yicha fikr almashdi. Unga ko‘ra, joriy yilning may–iyun oylarida Jizzax viloyatining Zomin tumanida kompaniyaning naslchilik xo‘jaligi qurilishi bo‘yicha fikr almashdi. Taʼkidlanishicha, mazkur xo‘jalik 2027-yil iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Edinburgdagi markazda sog‘lom va naslli tovuq zotlarini yaratish maqsadida turli loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
“Aviagen” kompaniyasi sanoat parrandachiligi genetikasi sohasida dunyodagi yetakchi ishlab chiquvchilardan biri bo‘lib, broyler tovuqlarni yetishtirishga ixtisoslashgan. Hozirda kompaniyaning “Ross”, “Arbor Acres” va “Indian River” kabi broyler tovuqlari dunyoning 130 dan ortiq davlatida keng tarqalgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi