Istanbul shahrida O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Aprel 18, 2026. 21:30 • 2 daq
• 112
ISTANBUL, 18-aprel. /«Dunyo» AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri parlamentimi yuqori palatasi ma’lumotiga tayanib.
Suhbat chog‘ida ta’kidlanganidek, ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari natijasida O‘zbekiston – Turkiya aloqalari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda parlamentlararo muloqotlar va o‘zaro tashriflar faollashib, hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik guruhlari va qo‘mitalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish, muntazam muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, savdo va investitsiyalar, sanoat, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlament nazoratini kuchaytirish, qonunchilik asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiya, bank-moliya, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda muloqotlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, xalqaro reytinglar, Barqaror rivojlanish maqsadlari, gender tenglik, korrupsiyaga va odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi