Logo

Anqarada tarixiy filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Aprel 18, 2026. 20:00 • 2 daq

35
Anqarada tarixiy filmi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

ANQARA, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiya poytaxtida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan vatandosh talabalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Turkiyaning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik hamda qo‘shni davlat talabalari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida yevropalik kinematograflar bilan hamkorlikda suratga olingan “Temurlang. So‘nggi jahongirning yuksalishi” (Tamerlane: Rise of the last Conqueror) nomli tarixiy film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mashhur “Netflix” kompaniyasi tomonidan yaratilgan film vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan, Sharq xalqlarini tashqi tahdidlardan himoya qilgan, tarixda o‘chmas iz qoldirgan Sohibqiron Amir Temur haqida. Kino kartinada Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi hamda u qoldirgan meros haqida hikoya qilinadi.

Suratga olish guruhiga O‘zbekiston, Qozog‘iston va AQSHdan mutaxassislar jalb etilgan. Rejissyor – Jeykob Shvars, ssenariy muallifi – Metyu Grin. Amir Temur rolini Kristian Mortensen, Amir Husaynning raqibini Mahesh Jadu, Aljayning rafiqasini esa o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova ijro etgan. Kaskadyorlar guruhini afsonaviy “Nomad Stunts” jamoasi boshqargan – ular yordamida otliqlar hujumi va ot janglari sahnalarini jonlantirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Mazkur film orqali talabalar Temuriylar davri, ularning davlatchilik, ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik rivojiga qo‘shgan hissasi bilan batafsil tanishdi.

Tadbirda Anqarada tahsil olayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan talabalar Temuriylar sulolasining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Taqdimot davomida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, Turkiyada ta’lim olish jarayonida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi, ularni qiziqtirgan mavzularga atroflicha javob berildi.

Madaniy-ma’rifiy tadbir yakunida elchixona binosida har oyning muayyan sanasida “Elchixona kino kunlari”ni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish