Yaponiyadan munosabat: Toshkent va Islomobod sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga eʼtibor qaratmoqda
Fevral 07, 2026. 12:20 • 2 daq
• 97
TOKIO, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti faxriy professori Manabu Shimizu “Dunyo” AA uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari haqida fikr bildirdi:
– Davlat tashrifini ishonch bilan ikki tomonlama munosabatlarning anʼanaviy diplomatik sheriklik shaklidan chuqur iqtisodiy va geostrategik integratsiya bosqichiga sifat jihatidan o‘zgarganini anglatuvchi muhim voqea, deb taʼriflash mumkin.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ushbu o‘tishning asosiy belgisi bo‘ldi. Bu esa amalda ikki davlat rahbarlarining muloqotini institutsionalizatsiya qiladi va uni ikki tomonlama kun tartibini boshqarishning tizimli mexanizmiga aylantiradi.
Imzolangan 30ga yaqin hujjat va shakllantirilgan 3,5 milliard dollarlik investitsiya portfeli tahlili Toshkent va Islomobod shaharlari sanoat kooperatsiyasi va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga katta eʼtibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish va fitosanitariya cheklovlari kabi notarif to‘siqlarni bartaraf etish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 500 million dollardan 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ulkan maqsadga erishish mumkin.
Tashrif yakunlari bo‘yicha logistika klasteri alohida eʼtiborni tortadi, u, shubhasiz, O‘zbekiston–Pokiston yaqinlashuvining tayanch nuqtasi hisoblanadi.
Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish va “Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” yo‘lagini rivojlantirishga eʼtibor qaratish, port xizmatlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar O‘zbekistonning Pokiston portlari orqali Jahon okeaniga chiqish yo‘llarini diversifikatsiya qilishga intilishini ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatning geografik izolyatsiyasini bartaraf etish uchun juda muhimdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
