Shahraiz Ashraf Malik: O'zbekiston Pokiston uchun katta savdo imkoniyatiga ega davlat
Noyabr 11, 2025. 17:52 • 2 daq
• 270
TOSHKENT, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston–Pokiston biznes konferensiyasiga tashrif buyurgan Pokistonning Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi raisi Shahraiz Ashraf Malik "Dunyo" AA uchun intervyusida Toshkentdagi nufuzli tadbirlar jarayonida olgan taassurotlari haqida o'z fikrlarini bildirdi:

– O'zbekistonda bo'lishimdan juda mamnunman. Bu mamlakat boy tarix va ulkan salohiyatga ega. Aynan shuning uchun biz bu yerga keldik. Mamlakatda savdo va biznes imkoniyatlari juda keng. O'zbekiston quruqlik davlati bo'lishiga qaramay, Pokiston orqali mintaqaviy savdo va logistika imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda iqtisodiy rivojlanishga erishishi, bizning portlaridan foydalanib, katta iqtisodiy foyda ko'rishi mumkin. Delegatsiyamiz yetakchi kompaniya va investorlarni o'z ichiga oladi. Maqsadimiz – ikki tomonlama savdoni sezilarli darajada kengaytirish va mustahkamlashdir.
Ikki davlat hukumatlari keyingi ikki yil ichida o'zaro savdoni 2 milliard AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilgan. Bunga erishish esa katta sa'y-harakat va mustahkam hamkorlikni talab qiladi. Shu asnoda, biz Pokiston va O'zbekiston hukumatlari hamda mamlakatimizdagi elchining barqaror va do'stona qo'llab-quvvatlashidan katta kuch oldik. Elchi bizni iliq kutib oldi va Ravalpindi Savdo-sanoat palatasi tomonidan amalga oshirilgan tashabbuslar ahamiyatini yuqori baholadi.
Asosiy maqsadimiz aniq: barqaror va samarali savdo aloqalarini yo'lga qo'yish. Turli investor va kompaniyalar o'zaro hamkorlik memorandumlarni imzoladi. Bu ikki tomonning hamkorlikka bo'lgan jiddiy yondashuvini namoyon etadi. Shu kabi tadbirlar Pokiston–O'zbekiston o'rtasidagi iqtisodiy sheriklikning strategik ahamiyatini yana-da ochib beradi. Ishonamanki, munosabatlarimiz kelgusi yillarda ham kengayib, mustahkam poydevor ustida rivojlanaveradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi