Sahila Mona Mirza: O'zbekistonda xalqaro investorlar uchun ko'plab imkoniyatlar ochilmoqda
Iyun 24, 2025. 19:53 • 3 daq
• 57
TASHKENT, 25-iyun. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "Responsible Gold" kompaniyasi prezidenti Saxila Mona Mirza "Dunyo" AA uchun intervyusida 24-25-iyun kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan "MINEX Sentral Asia 2025" forumining ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Mazkur forum men uchun muhim voqea, chunki u mintaqadagi taraqqiyot va yutuqlar bilan tanishish imkoniyatini berdi. Shuningdek, xalqaro me'yoriy asoslar, global ta'minot zanjirlari va standartlarning ham Markaziy Osiyo, ham jahon bozori uchun ahamiyati to'g'risida xabardorlikni oshirishga xizmat qildi.
Forum davomida o'tkazilgan sessiyalar va ma'ruzalar haqiqatan ham mazmunli bo'ldi. Ularda O'zbekistonda ro'y berayotgan o'zgarishlar va yutuqlar, shuningdek, mamlakatning muhim minerallar va oltin qazib olish sohasidagi roliga alohida urg'u berildi.
Bir qator ma'ruzalarda ta'kidlanganidek, biz haqiqatan ham sezilarli yutuqlarni ko'ryapmiz. Xalqaro investorlar uchun ko'plab imkoniyatlar ochilmoqda. Mening ixtisosligim va kasbiy tajribam oltin sanoati bilan bog'liq, shuning uchun men O'zbekistonning oltin qazib olish sanoatidagi roliga alohida e'tibor qaratdim Bu mamlakat uchun muhim va istiqbolli yo'nalishdir. Ilgari men London qimmatbaho metallar bozori assotsiatsiyasida (LMBA) ishlaganman, u yerda xalqaro standartlarni ishlab chiqish va joriy etish bilan shug'ullanganman. Bugungi kunda global bozor uchun yaratilgan ushbu standartlar O'zbekiston va butun Markaziy Osiyo rivojiga, shuningdek, ularning xalqaro ta'minot zanjirlaridagi integratsiyasiga qanday hissa qo'shishi mumkinligini tushunish muhim.
"Responsible Gold" prezidenti sifatidagi yangi rolimda men innovatsiyalar va texnologiyalarning, shaffoflikni qanday ta'minlashi, ma'lumotlarni yig'ish va tahlil qilishni yaxshilashiga qanday yordam berishi mumkinligiga e'tibor qarataman. Biz tokenizatsiya, raqamlashtirish va sun'iy intellekt kabi innovatsiyalarni sohaning barqaror rivojlanishini qo'llab-quvvatlaydigan vositalar sifatida ko'rib chiqamiz. Bu ham davlatlar, ham xususiy sektor uchun ustuvor masaladir. Hozirda "ESG", barqaror rivojlanish, ishonchlilik va global ta'minot zanjirlarining barqarorligi sohasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Markaziy Osiyo bu jarayonlarga sezilarli hissa qo'shishi mumkin. O'zbekiston va mintaqaning boshqa mamlakatlari bilan hamkorlik, ayniqsa, muhim minerallarga global qiziqish ortib borayotgan bir sharoitda, jadal rivojlanayotgan ushbu soha dinamikasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Tadbirning tashkiliy jihati yuqori darajada – hammasi aniq, qulay va tushunarli qilib tashkil etilgan. Elektron aloqa samarali yo'lga qo'yilgan. Toshkentga yetib kelganimda hech qanday qiyinchilikka duch kelmadim. Ro'yxatdan o'tish tez va muammosiz kechdi. Umuman olganda, forum a'lo darajada tashkil etilgan.
Menga O'zbekiston juda yoqdi. Yakshanba kuni Samarqandda bo'ldim va mintaqaning madaniy merosi bilan biroz tanishdim. Bu yerdagi odamlar juda mehribon va doim yordam berishga tayyor. Albatta, til to'sig'i ba'zi qiyinchiliklarni tug'diradi, lekin bu aholi o'z mamlakati bilan qanchalik faxrlanishini his qilishga xalaqit bermadi. Kecha Toshkentga yetib keldim va metroning barcha stansiyalarini ko'rdim. Toshkent metropoliteni haqiqatan ham hayratlanarli. Serquyosh O'zbekistonda bo'lganimdan juda xursandman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda