Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda
Noyabr 27, 2025. 18:20 • 2 daq
• 103
TOSHKENT, 27 noyabr. /"Dunyo" AA/. Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo uchinchi iqtisodiy forumi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri./

32 davlat hukumatlari, xalqaro tashkilotlar va biznes doiralar vakillari qatnashgan forumda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlari barqaror rivojlanib, o'zaro ishonch ortib borayotgani ta'kidlandi.
Forumda xorijlik ekspertlar tomonidan Yevropa Ittifoqining islohotlarni qo'llab-quvvatlash, raqamli transformatsiyani tezlashtirish va barqaror iqtisodiy o'sishni mustahkamlash tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida e'tirof etildi.
Jumladan, Ispaniya elchixonasining O'zbekistondagi savdo va iqtisodiy bo'limi maslahatchisi Kristina Santamariya ushbu nufuzli tadbirning ahamiyati, Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi hamkorlikning iqtisodiy rivojlanishdagi muhim o'rni haqida so'z yuritdi:
– Bu tadbir men uchun juda muhim, chunki u joriy yilda Samarqandda bo'lib o'tgan birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitining mantiqiy davomi hisoblanadi. Ya'ni, bu biz uchun strategik, geografik va iqtisodiy jihatdan nihoyatda muhim. Muhokamalarida ma'ruzachilar logistika, transport infratuzilmasi kabi hamkorlikning muayyan yo'nalishlariga alohida e'tibor qaratishdi. O'ylaymanki, Trans-Kaspiy yo'lagiga bag'ishlangan tadbir orqali masalaning ahamiyati yanada ortadi.
Shuningdek, energetika va muhim xomashyo materiallari bo'yicha masalalar ham kun tartibida turibdi. Umuman olganda, forum mintaqaning eng dolzarb yo'nalishlarini qamrab olmoqda va unda Ispaniyaning ayrim kompaniyalari ham ishtirok etmoqda. Biz uchun – nafaqat Ispaniya, balki butun Yevropa nuqtayi nazaridan – bu yerdagi imkoniyatlar va vaziyatni yaxshiroq o'rganish juda muhim.
Xorvatiyaning Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistondagi elchisi Refik Shabanovich ham ushbu forum haqida o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdi:
— Odatda, O'zbekistonda yirik tadbirlar juda yaxshi tashkil etiladi. Hukumatingiz tashkilotchilik bo'yicha ajoyib ishlarni amalga oshiradi va juda muhim mehmonlarni taklif qiladi. Bunday tadbirlar biznes vakillari uchun juda muhim. Shu bois xorvatiyalik tadbirkorlarni ham O'zbekistonga olib kelishga harakat qildik. O'z navbatida o'zbekistonlik tadbirkorlarni ham Xorvatiyaga jalb etamiz. Demak, bunday tadbirlar iqtisodiy soha rivojida juda muhim. Uchrashuvlarni kuzatib amin bo'ldimki, forumda nafaqat O'zbekiston yoki Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi vakillari, balki Yevropa Ittifoqining ko'plab mamlakatidan ham ishtirokchilar bor.
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo uchinchi iqtisodiy forumda ikki mintaqa vakillari iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, muhim strategik loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo'yicha kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi