OTB Prezidenti: "Yangi O'zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan inson qadri ustuvorligi tamoyili taraqqiyot falsafamizga to'liq mos keladi
Noyabr 20, 2025. 09:17 • 3 daq
• 288
TOSHKENT, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonga Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kande boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o'tkazildi, unda OTB bilan hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Masato Kande "Dunyo" axborot agentligi muxbiriga eksklyuziv intervyu berib, O'zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida ro'y berayotgan o'zgarishlar sur'atini yuqori baholadi.
– Avvalo, intervyuga vaqt ajratganingiz uchun rahmat. O'zbekistonga xush kelibsiz.
– Katta rahmat. Bu yurtga yana kelganimdan mamnunman.
– Joriy yilda Osiyo taraqqiyot banki va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi nishonlanmoqda. Sizningcha, bugungi kunda ushbu sheriklik qanday darajaga ko'tarilgan va 30 yillik davomida mamlakatimiz taraqqiyotiga eng katta ta'sir ko'rsatgan asosiy bosqichlar qaysilar?
– Ha, bu juda muhim bosqich. O'tgan 30 yil davomida O'zbekistonga 118 ta loyiha orqali 15 milliard dollardan ortiq mablag' yo'naltirildi. Bu loyihalar infratuzilma, energetika, transport, davlat korxonalarini isloh qilish, inson kapitalini rivojlantirish kabi deyarli barcha strategik sohalarni o'z ichiga oladi.
Yaqinda imzolangan 1,2 milliard dollarlik quyosh energiyasi va quvvat saqlash loyihasi e'tiborga molik. 1 000 megavatt quvvat – 600 mingta xonadon uchun toza energiya demakdir. Bu O'zbekistonning yashil energetikaga o'tishda mintaqadagi yetakchi davlatga aylanishiga zamin yaratadi. Biz O'zbekiston hukumati bilan aholining, ayniqsa himoyaga muhtoj qatlamlarning hayotini yaxshilash uchun birga ishlayotganimizdan faxrlanamiz.
– O'zbekiston hozirda chuqur va aniq maqsadli islohotlarni amalga oshirmoqda: kambag'allikni qisqartirish, xususiy sektorga keng imkoniyat yaratish, zamonaviy raqamli infratuzilmani shakllantirish. Bu borada erishilgan natijalarni qanday baholaysiz? Ayni paytda OTB ushbu keng ko'lamli transformatsiyani qanday amaliy yo'llar bilan qo'llab-quvvatlamoqda?
– O'zbekistonning islohotlar siyosati juda aniq: inson manfaatlari birinchi o'rinda. "Yangi O'zbekiston – 2030" strategiyasidagi "Inson sha'ni va qadr-qimmati" tamoyillari bizning rivojlanish falsafamiz bilan to'liq uyg'un. Biz kambag'allikni kamaytirish, ijtimoiy himoya tizimini yaxshilash, iqtisodiy modernizatsiya va uzoq muddatli rivojlanishga xizmat qiladigan islohotlarni qo'llab-quvvatlashdan mamnunmiz.
Ayniqsa, xususiy sektorni rivojlantirish – eng muhim yo'nalishlardan biri. Davlat korxonalarini isloh qilish, tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish bo'yicha O'zbekiston bilan faol ishlayapmiz. Bu islohotlar mamlakat iqtisodiyotining barqaror o'sishini ta'minlaydi.
– OTB Markaziy Osiyoda mintaqaviy bog'liqlikni kuchaytirishda muhim rol o'ynab kelmoqda. SARES kabi yirik tashabbuslar doirasida O'zbekiston qanday hissa qo'shmoqda va bu dasturlardan qaysi asosiy yo'nalishlarda foyda ko'rmoqda?
– Bilasizmi, bu juda muhim. Integratsiya iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytiradi, bozorlarga chiqishni osonlashtiradi, logistika xarajatlarini kamaytiradi va qo'shni davlatlar o'rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi.
Bu dasturda O'zbekistonning ishtiroki juda faol. Bu faqat yo'l va temir yo'l infratuzilmasi emas, balki savdo tartibotlarini soddalashtirish, bojxona tizimini raqamlashtirish, "Yashil energetika yo'lagi" kabi strategik tashabbuslarni ham o'z ichiga oladi. O'zbekistonning mintaqaviy yetakchilik ambitsiyasi bizni ham ruhlantiradi.
– O'zbekiston Jahon savdo tashkilotiga qo'shilish yo'lida faol harakat qilmoqda. JSTga a'zo bo'lish jarayoni OTB bilan hamkorlikning yangi bosqichini qanday shakllantiradi? Kelgusida qaysi yo'nalishlar ustuvor bo'ladi?
– Biz O'zbekistonning JSTga qo'shilish bo'yicha qat'iy sa'y-harakatlarini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz. Bu jarayon mamlakatning global iqtisodiyotga chuqur integratsiyasiga xizmat qiladi. Osiyo taraqqiyot banki savdo siyosatini takomillashtirish, bojxona tartibotlarini moslashtirish, savdo yengilliklarini yaratish, standartlashtirish va sertifikatlash tizimini rivojlantirish bo'yicha texnik va institutsional yordamni davom ettiradi. Raqamli ko'nikmalar va kadrlar salohiyati ham bu jarayonning ajralmas qismi.
Shu o'rinda bir muhim yangilikni aytmoqchiman: kelgusi yili OTBning yillik yig'ilishi Samarqand shahrida o'tkaziladi. Bu – jahonning yetakchi moliya vazirlari, markaziy bank raislari, ekspertlar va biznes doiralari vakillarini birlashtiradigan eng nufuzli xalqaro platformalardan biri. Bu yig'ilish O'zbekiston uchun o'z yutuqlarini namoyish etish va kelgusidagi strategik rejalari bo'yicha global auditoriyaga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
– Samimiy suhbat uchun Sizga katta tashakkur!
– Sizga ham rahmat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Stefan Krayevskiy: O‘zbekiston Polshaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori
Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: muhim strategik loyihalar amalga oshirilmoqda