Logo

Sara-Sofiya Siren: Gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish uchun jamiyatning barcha qatlami birgalikda harakat qilishi zarur

Dekabr 04, 2025. 09:12 • 4 daq

223
Sara-Sofiya Siren: Gender zo‘ravonligiga qarshi kurashish uchun jamiyatning barcha qatlami birgalikda harakat qilishi zarur

TOSHKENT, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) amaldagi raisining maxsus vakili Sara-Sofiya Siren amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

U agentlik muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida Finlyandiyaning YXHTdagi raisligining asosiy natijalari, tashkilotning ustuvor yo‘nalishlari, gender tengligini ilgari surish bo‘yicha saʼy-harakatlari haqida so‘zlab berdi.

Shuningdek, maxsus vakil O‘zbekistondagi islohotlar dinamikasiga o‘z bahosini berib, mamlakat gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, zo‘ravonlikning har qanday shaklidan himoya qilish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha institutsional mexanizmlarni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishganini taʼkidladi.

– Finlyandiyaning YXHTdagi raisligi yakuniga yetmoqda. Hozirga qadar erishilgan asosiy natijalarni qanday baholaysiz? So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollarning siyosat va jamoat hayotidagi ishtiroki oshgani, shuningdek, mamlakat gender tengligi bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirayotganini qayd yetish joiz. Sizningcha, eng muhim yutuqlar nimalardan iborat?

– Tenglik va ayollar huquqlari Finlyandiyaning raislik dasturining asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Finlyandiya rais sifatida tenglik masalalariga alohida mavzu sifatida emas, balki jamiyatning barcha sohalari bilan bog‘liq umumiy qadriyat sifatida yondashdi. Biz bir qator muvaffaqiyatli tadbirlarni o‘tkazdik. Masalan, joriy yilda Venada o‘tkazilgan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik”ga bag‘ishlangan konferensiyani eslab o‘tmoqchiman. Ushbu konferensiya davomida biz ayollar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha yo‘l xaritasini eʼlon qildik. Unda ushbu kun tartibini amalga oshirishning turli usullari taklif etilgan. 30 dan ortiq ishtirokchi davlat ushbu yo‘l xaritasidan foydalangan yoki uni amalga oshirishni boshlagan. Men mamnuniyat bilan ayta olamanki, O‘zbekiston ham ushbu davlatlar qatorida. Bu yerga tashrifim chog‘ida muhokama qilgan asosiy mavzular – genderga asoslangan zo‘ravonlik va ayollarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki. O‘zbekistonda ushbu ikki yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida eshitib, juda mamnun bo‘ldim.

– O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati institutlari va ayollar nodavlat notijorat tashkilotlari genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishda muhim rol o‘ynamoqda. Uzoq muddatli, barqaror natijalarga erishish uchun hukumat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi hamkorlikni qanday kuchaytirish mumkin, deb o‘ylaysiz?

– Juda o‘rinli savol. Men fuqarolik jamiyati va hukumat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlayman. Fuqarolik jamiyati ko‘pincha mahalliy darajada faoliyat yuritadi va genderga asoslangan zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatadigan fuqarolik jamiyati vakillariga murojaat qilish ko‘pincha osonroq bo‘ladi. Ko‘plab davlatlarda genderga asoslangan zo‘ravonlik qurbonlariga hayot-mamot ahamiyatiga ega bo‘lgan xizmatlarni aynan NNTlar – nodavlat notijorat tashkilotlari ko‘rsatadi. Hukumat va NNTlar o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir yo‘nalishi – bu zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar huquqlari haqida maʼlumot berish, ayol har qanday zo‘ravonlikka duch kelsa, qayerga murojaat qilishi mumkinligi haqida axborot tarqatishdir. Genderga asoslangan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bu jamiyatning barcha bo‘g‘inlari birgalikda harakat qilishi lozim bo‘lgan umumiy maqsaddir.

– Hozirda “Gender zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro kampaniyasi o‘tkazilmoqda va YXHT ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda davom etayotgan islohotlar hamda barchaning tengligi va xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha qilinayotgan saʼy-harakatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston yoshlariga nima degan bo‘lardingiz?

– Birinchi fikrim shuki, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishi – noto‘g‘ri. Har kim o‘zini xavfsiz his qilishi kerak. Har kim, onlayn bo‘ladimi yoki oflayn, baribir, xavfsiz bo‘lishi zarur. Bu yilgi kampaniyaning asosiy mavzusi – raqamli zo‘ravonlik. Bu juda tez surʼatlarda kengayib borayotgan hodisa. Men ushbu jarayondan jiddiy tashvishdaman. Ayniqsa, yosh ayollar internetda zo‘ravonlik va tazyiqning eng ko‘p qurboniga aylanmoqda. Buni oldini olish uchun yangi choralar, jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatishning yangi usullari zarur. Yana bir muhim undov shuki: genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish uchun har bir kishi bu noto‘g‘riligini, hatto qonunga xilofligini bilishi kerak.

– Kelgusi maqsadlarga to‘xtalsak. O‘zbekistonning gender tengligiga erishish yo‘lidagi keyingi bosqichlarini qanday tasavvur qilasiz? Shuningdek, yaqin yillarda YXHT doirasida O‘zbekistonning rolini qanday baholaysiz?

– O‘zbekiston va YXHT o‘rtasida, fuqarolik jamiyatlari bilan ham ancha yaxshi hamkorlik mavjud. Albatta, bu hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun imkoniyatlar yetarli. YXHTning O‘zbekistondagi ofisi kelgusi yilda, masalan, salohiyatni oshirish borasida ko‘proq ishlaydi – bu esa yangi imkoniyatlarni yaratadi. Shuningdek, iqlim va atrof-muhit masalalari, suv resurslarini boshqarish sohalarida ham hamkorlik imkoniyatlari mavjud. Shu bilan birga, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi roliga alohida eʼtibor qaratmoqchiman. Masalan, ayollar huquqlari yoki yoshlar salohiyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda chegaralardan tashqari hamkorlik qilish, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma tashabbuslar ilgari surish uchun juda katta salohiyat bor, deb o‘ylayman. Mamlakat juda tez rivojlanmoqda. Ayniqsa, ayollar huquqlari va tenglik bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ularga bo‘lgan qatʼiy yondashuv sezilmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti ham o‘sib bormoqda – bu ham o‘z navbatida yangi imkoniyatlar yaratadi. Aholi sonining oshib borayotgani, yosh avlodning rolini yana-da orttiradi va bu esa juda muhim.

– Bildirgan fikrlaringiz uchun katta rahmat!

– Sizga ham tashakkur.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish