Logo

O'zbekiston eksport salohiyati Xitoyning Nannin shahrida o'tkazilgan xalqaro ko'rgazmada taqdim etildi

Noyabr 11, 2025. 15:35 • 2 daq

265
O'zbekiston eksport salohiyati Xitoyning Nannin shahrida o'tkazilgan xalqaro ko'rgazmada taqdim etildi

NANNIN, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Xitoyning Nannin shahrida bo'lib o'tgan "The Smart Agriculture Expo 2025" xalqaro ko'rgazmasi doirasida O'zbekiston milliy stendi namoyish qilindi, xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nannin shahridagi "International Convention and Exhibition Center" majmuasida bo'lib o'tgan ushbu ko'rgazmada O'zbekiston va Xitoy o'rtasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini yana-da kengaytirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

O'zbekiston milliy stendi qishloq xo'jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va qandolat tovarlari, quritilgan mevalar hamda tabiiy sharbatlar bilan bezatilib, ishtirokchilar va mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi. Stend doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va Xitoy kompaniyalari o'rtasida uchrashuvlar tashkil etilib, eksport shartnomalari bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, "O'zbekiston mahsulotlarini degustatsiya qilish" aksiyasi tadbirning yorqin lahzalaridan biri bo'ldi. Degustatsiya ishtirokchilari milliy mahsulotlarning yuqori sifati, tabiiyligi, betakror ta'mi va ekologik standartlarga mosligini alohida e'tirof etdilar.

Ko'rgazma doirasida Guansi-Chjuan hududi Qishloq xo'jaligi departamenti vakillari bilan uchrashuv o'tkazildi. Unda "O'zbekipaksanoat" uyushmasi va Guansi Ipakchilikni rivojlantirish tashkiloti o'rtasidagi amaliy hamkorlikni jadallashtirish, tajriba va innovatsion texnologiyalar almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish