Logo

Polsha bilan to‘qimachilik va yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi

Mart 11, 2026. 17:09 • 2 daq

236
Polsha bilan to‘qimachilik va yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi

VARSHAVA, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Polsha poytaxtida yengil sanoat, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish bo‘yicha biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Lewiatan” moda sanoati tadbirkorlari uyushmasida bo‘ylib o‘tgan tadbirda “Polsha­–Osiyo” savdo palatasi hamda Polsha investitsiyalar va savdo agentligi hamkorligida tashkil etildi.

Forumda mamlakatimizdan Elchixona diplomatlari, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi xodimlari, O‘zbekiston tadbirkorlari uyushmasi a’zolari, yetakchi to‘qimachilik kompaniyalari – “Empire Textile”, “Bombacio”, “Bonito Kids”, “Art Soft” vakillari ishtirok etdi.

Polsha tomonidan “Polsha–Osiyo” savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinskiy, “Lewiatan” assotsiatsiyasi vitse-prezidentlari Magdalena Klushinska va Agneshka Kalita-Maseychik, Tashqi savdo departamenti direktori Eljbeta Bodio, “LPP”, “Smyk”, “Elementy”, “Local Heroes”, “Potis and Verso” kabi yetakchi brendlar rahbariyati qatnashdi.

Elchixona vakillari taqdimot davomida O‘zbekistondagi keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, sanoatni modernizatsiya qilish, investitsiya muhitini yaxshilash va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tdi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirish, Yevropa bozori talablariga mos zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari va standartlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tayyor to‘qimachilik mahsulotlariga talab yuqori bo‘lgan Varshava va Lodzdagi oltita savdo uyi orqali O‘zbekiston mahsulotlari muvaffaqiyatli targ‘ib qilinayotgani alohida ta’kidlandi.

Forum doirasida tomonlar O‘zbekiston va Polsha kompaniyalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalar va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.

Tadbir yakunida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, “Lewiatan” assotsiatsiyasi va “Polsha–Osiyo” savdo palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish