Logo

O‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

Mart 08, 2026. 12:48 • 3 daq

122
O‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlari o‘rtasida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

O‘SH, 10-mart. /“Dunyo” AA/. O‘sh shahrida “Agroekspo–2026” xalqaro qishloq xo‘jaligi yarmarkasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yarmarkada Qirg‘iziston tomonidan – Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov, Prezidentning O‘sh viloyatidagi vakili Amankan Kenjebayev, O‘sh shahar meri Janar Akayev, xorijiy davlatlar konsullik muassasalari rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekistondan – Bosh konsullik diplomatlari, Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari Behzodbek Soliyev, Namangan viloyati Savdo sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Mirzohid Mirzaaxmedov hamda Farg‘ona viloyatidagi “Alter Heating Technology” MChJ vakili Farrux Turdiqulov qatnashdi.

Ushbu yarmarka qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqaruvchilar, fermerlar va tadbirkorlarni bir joyga birlashtirdi.

Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi texnologiyalar, iqlimga moslashtirilgan innovatsiyalar, o‘zaro tajriba almashish hamda hamkorlikni rivojlantirish masalalarida fikr almashildi.

Yarmarkada qishloq xo‘jaligi texnikalari, agrar sohadagi zamonaviy texnologiyalar, urug‘lar va ko‘chatlar, mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari namoyish etildi.

Ko‘rgazma ishida Xitoy, O‘zbekiston, Tojikiston hamda mahalliy 150 nafarga yaqin tadbirkor va ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini taqdim etishdi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan namoyish etilgan tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan turli xil meva sharbatlar, qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilikda foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalar, O‘zbekiston–Polsha qo‘shma korxonasida ishlab chiqilgan suv isitish qozonlari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Namangan viloyati “Tip-Top-Agro” korxonasida ishlab chiqarilayotgan “TM Tip-Top” sharbatlari tabiiy mahsulotlardan tayyorlangani, tarkibida hech qanday konservant, bo‘yoq va boshqa kimyoviy moddalar mavjud emasligi hamda narxlari mahalliy aholi uchun hamyonbop ekani bilan tadbirkorlar e’tiborini tortdi. Ular bilan ushbu mahsulotni Qirg‘izistonga eksport qilish va O‘shda distribyuterlik markazini tashkil etish masalasini muhokama qildi.

Ko‘rgazma doirasida Farrux Turdiqulov va O‘sh shahar meriyasi Tashqi aloqalar, investitsiyalar va turizm departamenti rahbari Mirlan Israilov o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iz tomonining aytishicha, hozirgi kunda O‘sh shahrida ko‘plab qurilish ishlari olib borilayotgani, eskirgan binolar kapital ta’mirdan chiqarilayotgani sababli qurilish mahsulotlariga talab katta. Qirg‘izistonda ko‘mir mahsuloti yetarli va narxi arzonligi hamda “Alter Heating Technology”

MChJ taklif etayotgan suv isitish qozonlari ko‘mirda ishlashi ularning qirg‘iz bozorida raqobatbardoshligini oshiradi.

Muloqot yakunida, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalar bo‘yicha birgalikda ishlash, yaqin kunlarda Farg‘onaga qirg‘iz ishbilarmonlarining tashrifini amalga oshirish hamda qo‘shimcha muzokaralar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish