AQShda qurilish materiallari sohasida o'tkazilgan birinchi biznes-forum yakunida 210 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi
Dekabr 03, 2024. 18:09 • 4 daq
• 446
VASHINGTON, 3-dekabr. /"Dunyo" AA/. Amerika Qo'shma Shtatlarida qurilish materiallari sohasida birinchi AQSh-O'zbekiston biznes-forumi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zsanoatqurilishbank", Savdo-sanoat palatasi, "O'zqurilishmateriallari" uyushmasi va O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan iqtisodiy tadbirda "Basalt Uzbekistan", "Alcopon Standart Trade", "Sanfa Engineering, Benkam", "Akfa extrusions", "First Global Stone", "Geobasalt Products", "Marmar_Uz", "Zetomaksimum" kabi yirik o'zbek ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, AQSh qurilish kompaniyalari, distribyutorlar va chakana savdo vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forum aloqalarni yo'lga qo'yish va mahalliy qurilish mahsulotlarini Amerika bozoriga eksport qilish masalalarini muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratib, bunday darajadagi ilk platforma bo'ldi.
"O'zsanoatqurilishbank" boshqaruvi raisi o'rinbosari Shahzod Yusupov O'zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, jumladan, soliq stavkalarini pasaytirish, eksportchilarni qo'llab-quvvatlash uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash borasidagi ishlar haqida so'zlab berdi.
O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov o'z chiqishida, tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, qurilish sohasi hamkorlikni chuqurlashtirishning istiqbolli yo'nalishlaridan biri ekanini alohida ta'kidladi. O'zbekiston bilan AQSh o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror o'sishda davom etayotgani qayd etildi. 2023-yilda o'zaro tovar ayirboshlash hajmi o'tgan yilga nisbatan ikki baravar ko'p, 657,2 million dollarga yetdi. O'z navbatida, 2024-yilning to'qqiz oyidagi ko'rsatkichlar allaqachon 672 million dollarga yetgan.
Shu bilan birga, O'zbekiston mahsulotlarining AQShga eksporti 170 foizga oshib, 260 million dollardan ortiqni tashkil etmoqda.
"O'zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi boshqaruvi raisi o'rinbosari Ilyos Rahimov o'z nutqida, O'zbekiston qurilish materiallari sanoatining asosiy yutuqlari haqida batafsil to'xtalib o'tdi. Uning aytishicha, so'nggi besh yilda mazkur sohaga kiritilgan xorijiy investitsiya hajmi 15 milliard dollardan oshdi, shundan 9 milliard dollardan ortig'i to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalardir. Bu O'zbekiston hukumati tomonidan investitsiya muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o'zgarishlar tufayli amalga oshdi.
Yig'ilganlar e'tibori, xususan, ma'muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish va xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash masalalariga qaratildi. Bu chora-tadbirlar, nafaqat mahalliy ishlab chiqarishni rag'batlantirish, balki O'zbekistonni xorijiy investorlar uchun jozibador qiladi.
Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Halimjon Safarov o'z ma'ruzasida, ushbu shakldagi sohaga ixtisoslashgan biznes-forumlar mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportini diversifikatsiya qilish, yangi iste'mol bozorlarini rivojlantirishga xizmat qilayotgani haqida aytib o'tdi.
Amerika-O'zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son o'zbek qurilish materiallarining sifat, barqarorlik va innovatsiyalarni o'zida mujassamlashtirgan o'ziga xosligini ta'kidladi. "O'zbekiston kompaniyalari uchun bu shunchaki biznes imkoniyati emas – bu O'zbekiston ishbilarmon doiralarining o'ziga xos belgilari bo'lgan zukkolik, sifat va barqarorlikni namoyish etish imkoniyatidir", dedi u.
"Basalt International Inc." kompaniyasi raisi va bosh direktori Benjamin Kimning bazalt tolasi sohasidagi noyob ishlanmalar haqidagi nutqi ishtirokchilarga alohida qiziqish uyg'otdi. "Bazalt tolasi barqaror qurilishning kelajagi. Biz butun dunyo bo'ylab 11 ta zamonaviy ishlab chiqarish quvvatiga egamiz va nafaqat respublika, balki butun Yevrosiyo mintaqasida talabni qoplash uchun O'zbekistonning istiqbolli bozorida yangisini yaratish niyatidamiz", dedi Benjamin Kim.
Pensilvaniya shtati davlat kotibining sobiq o'rinbosari va "Pennsylvania Global Business Advisors" direktori Uilfred Maskens o'z chiqishida, Pensilvaniyaning qurilish va ishlab chiqarish sanoatidagi boy tajribasini ta'kidladi. U xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida to'xtalar ekan, O'zbekiston kompaniyalari bilan uzoq muddatli yaqin aloqalarni o'rnatishga umid bildirdi.
Biznes-forumda "Basalt International" (AQSh) kompaniyasining savdo bo'yicha direktori Li Berri "Basalt Uzbekistan" kompaniyasi bilan hamkorlikning yuqori salohiyati va istiqbollari haqida ma'lumot berdi. "Basalt Uzbekistan" bilan hamkorligimiz engil mahsulotlardan tortib qurilish, avtomobilsozlik, neft-gaz va boshqa sohalarda qo'llanilishi mumkin bo'lgan og'ir yuklarga mo'ljallangan mahsulotlarning ajoyib assortimentiga bo'lgan qiziqishdan kelib chiqadi. Bundan tashqari, O'zbekiston rivojlangan infratuzilmaga ega bo'lgan nihoyatda istiqbolli, shuningdek, biznes yuritish uchun juda qulay, do'stona, xavfsiz va mehmondo'st mamlakatdir. Shuning uchun biznesimizni rivojlantirishda "Basalt Uzbekistan" kompaniyasi bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz", dedi u.
Tadbirning asosiy qismidan so'ng forum ishtirokchilariga yuqori qo'shimcha qiymatga ega 50 dan ortiq turdagi qurilish materiallari, jumladan, alyuminiy profillar, bazalt mahsulotlari, sanitariya-texnik vositalar, issiqlik izolyatsion materiallar, chinni tosh buyumlar va boshqalar taqdim etildi. Mahsulotlar Amerika kompaniyalarida katta qiziqish uyg'otdi va bu hamkorlikning keyingi imkoniyatlarini muhokama qilish uchun turtki bo'ldi.
Biznes-forum doirasida B2B uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Unda ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazilib, respublikada qo'shma korxonalar tashkil etish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida umumiy qiymati 210 million dollarlik eksport shartnomalari tuzildi va kaolin mahsulotlarini qazib olish hamda ishlab chiqarish bo'yicha investitsiya loyihasini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, ushbu biznes-forumni muntazam o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida qurilish materiallarini tarqatish imkoniyatlari bilan tanishdi, tegishli savdo maydonchalari va ko'rgazma zallarida bo'ldi. Doimiy savdo vakolatxonasi va o'zbek brendlari shou-rumini ochish bo'yicha muzokaralar o'tkazildi.
Shuningdek, qurilish materiallarining iste'mol bozori va mahsulot assortimenti bilan yaqindan tanishish, narx holatini o'rganish maqsadida Amerikaning "The Home Depot", "Lowe's", "Colonial Cava Marble & Granite" va boshqa kabi yirik korxonalariga tashriflar rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
AQShning eng yirik savdo tarmoqlarida o‘zbek oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi
Kuvaytga ilk bor 23 tonna qora mayiz eksport qilindi
O‘monlik ishbilarmonlar bilan eksport-import masalasida fikr-mulohaza almashildi