O‘zbekiston banki kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropadan 80 million dollar miqdorida mablag‘ oladi
Oktabr 10, 2026. 14:00 • 2 daq
• 36
VЕNA, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya va Yevropa moliya institutlari O‘zbekistonning “Ipak Yuli” bankiga kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik loyihalarni moliyalashtirish uchun 80 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda Avstriyaning ixtisoslashtirilgan “Extrajournal.Net” onlayn nashri Xalqaro “CMS” yuridik firmasining mazkur bitimni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga bag‘ishlangan maqolasida ma’lum qildi.
Moliyalashtirish jarayonida “CMS” uchta moliya instituti — Avstriya taraqqiyot banki (“Oesterreichische Entwicklungsbank AG”), Italiyaning “Cassa Depositi e Prestiti S.p.A.” tashkiloti va “Allianz Global Investors” boshqaruvidagi “Allianz Credit Emerging Markets Fund” fondining yetakchi yuridik maslahatchisi sifatida ish yuritdi.
Nashrda qayd etilishicha, mablag‘larning 35 foizini xotin-qizlarga tegishli korxonalarga, yana 30 foizini esa “yashil” loyihalar va ekologik barqaror tashabbuslarga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
“CMS”ning Vena ofisi yetakchi hamkori Marsell Klark mazkur bitim xalqaro moliya institutlari va investorlarning O‘zbekiston xususiy sektorining barqaror rivojlanishiga bo‘lgan qiziqishi kuchayib borayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Mazkur moliyalashtirish o‘zbek korxonalarining kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda biznesda ekologik barqaror yechimlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi