Logo

O'zbekiston Buyuk Britaniyadagi yetakchi to'qimachilik ko'rgazmasida ishtirok etish uchun taklif etildi

Iyul 21, 2025. 07:20 • 2 daq

73
O'zbekiston Buyuk Britaniyadagi yetakchi to'qimachilik ko'rgazmasida ishtirok etish uchun taklif etildi

LONDON, 21-iyul. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya poytaxtidagi "Olympia" markazida to'qimachilik sohasida Yevropadagi eng nufuzli ko'rgazmalardan biri – "Source Fashion" bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bir yilda ikki bor o'tkaziladigan mazkur ko'rgazma "Hyve Group" tomonidan tashkil etiladi. Unda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan yirik brendlar, chakana savdo tarmoqlari va ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan holda, to'qimachilik sohasida barqaror hamkorlik va ta'minot zanjirlarini yo'lga qo'yishga e'tibor qaratiladi.

Bu safargi tadbir ham ishtirokchilar va mehmonlar bilan gavjum bo'ldi. Uch kun davom etgan ko'rgazmada 25 ta mamlakatdan 250 ga yaqin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ishtirok etdi.

Bundan tashqari, "Source Fashion" doirasida moda namoyishlari va sohadagi zamonaviy tendensiyalar, barqaror ishlab chiqarish va ta'minot zanjirlariga oid dolzarb mavzular yuzasidan ochiq muhokamalar va ekspertlar ishtirokidagi debatlar o'tkaziladi. Ushbu tadbirlar ishtirokchilarga nafaqat o'z mahsulotlarini namoyish etish, balki soha mutaxassislari bilan fikr almashish va xalqaro tendensiyalar bilan tanishish imkonini ham beradi.

"Source Fashion" tadbirlarida muntazam ravishda "John Lewis", "Next2, "Asos", "Primark", "Marks&Spencer" va Britaniyadagi boshqa yirik riteyler kompaniyalar top-menejerlari qatnashib, yangi ta'minotchilar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatadi.

Soha mutaxassislariga ko'ra, 2024-yilda Britaniya 22,5 milliard qiymatidagi to'qimachilik mahsulotlarini import qilgan. Hozirgi geosiyosiy tarangliklar, hamda Xitoy va Turkiya kabi an'anaviy ishlab chiqarish markazlarida xarajatlarning oshgani tufayli, yangi yetkazib beruvchilar uchun katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Ko'rgazma tashkilotchilari O'zbekiston vakillarini 2026-yil 13-15-yanvar kunlari o'tkaziladigan navbatdagi "Source Fashion" yarmarkasida milliy pavilyon bilan ishtirok etishga taklif qilmoqda.

Ushbu ko'rgazmada ishtirok O'zbekiston kompaniyalari uchun o'z mahsulotlarini Yevropa bozorida ilgari surish, yangi eksport shartnomalarini imzolash, hamkorlik doirasini kengaytirish va zamonaviy tendensiyalar bilan tanishishga keng yo'l ochadi. Shuningdek, bu vakillarimiz uchun o'z mahsulotining xalqaro standartlarga muvofiq ekanini namoyon etish va global ta'minot zanjirida munosib o'rin egallash imkoniyatini yaratadi.

Li Rosboro"Hyve" kompaniyasining yirik mijozlar bo'yicha direktori:

– O'zbekiston kompaniyalari uchun Buyuk Britaniya bozoriga kirish bo'yicha katta imkoniyat paydo bo'lgan. "Source Fashion" – bu Buyuk Britaniyadagi "private label" (buyurtmachi brendi ostida ishlab chiqariladigan) bozoriga olib boruvchi darvoza hisoblanadi.

Ko'rgazma izchil kengayib bormoqda va unda 25 ta davlatlar ishtirok etmoqda. Har bir ishtirokchi mamlakat o'zining milliy pavilyoni bilan qatnashyapti. Tadbirga Buyuk Britaniyaning yetakchi brend va chakana savdo tarmoqlari ham yuqori qiziqish bildiryapti.

O'zbekiston vakillari uchun ushbu ko'rgazmada ishtirok etish va milliy mahsulotlarni Buyuk Britaniya bozoriga eksport qilish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish