O'zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Karachida ochilgan xalqaro ko'rgazmada namoyish etilmoqda
Noyabr 27, 2025. 16:53 • 2 daq
• 479
ISLOMOBOD, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 2025 yil 25-27 noyabr kunlari Pokistonning Karachi shahrida III Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi ko'rgazmasi – "FoodAg 2025" bo'lib o'tmoqda, deya xabar qiladi "Dunyo" AA muxbiri.

"Innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash va barqarorlikni rivojlantirish" mavzusida o'tayotgan va jahon bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, savdo va eksport imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan mazkur nufuzli tadbirda 80 dan ortiq mamlakatdan mingga yaqin xalqaro xaridorlar, kompaniyalar va ishlab chiqaruvchilar ishtirok etmoqda.
"FoodAg – 2025" ko'rgazmasi B2B uchrashuvlari, to'qqizta yuqori darajadagi konferensiya va besh qit'adan kelgan 21 nafar mashhur oshpazning faqat Pokistonda yetishtirilgan masalliqlaridan foydalanib taom tayyorlaydigan dasturni o'z ichiga oladi.
25 noyabr kuni "FoodAg – 2025" ko'rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ko'rgazma maydonida O'zbekiston elchixonasi ko'magida "Made in Uzbekistan" nomi ostida milliy stend tashkil etildi. Unda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, qandolat mahsulotlari, quritilgan meva va tabiiy sharbatlar, shuningdek to'qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, plastmassa va polimer sanoatiga oid eksportbop mahsulotlar namoyish etilyapti. O'zbekiston burchagida taqdim etilayotgan milliy mahsulotlar xalqaro ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va mahsulotlarning sifati, tabiiyligi hamda eksport salohiyati yuqori baholandi.
Tadbir doirasida xorijiy, xususan Pokiston kompaniyalari bilan samarali muzokaralar o'tkazilib, mahsulotlarning eksport imkoniyatlari, Pokiston bozoriga kirish yo'nalishlari va distributsiya masalalari ko'rib chiqildi. Shuningdek, mahalliy importyorlar, distribyutorlar va ishbilarmon doiralar bilan qator uchrashuvlar tashkil etildi hamda o'zaro hamkorlikka oid takliflar ko'rib chiqildi.
Mazkur ko'rgazma O'zbekiston tadbirkorlari uchun xalqaro hamkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda "Made in Uzbekistan" brendi ostida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozorida ilgari surishda muhim maydon vazifasini o'tamoqda.
"FoodAg - 2025" ko'rgazmasi Pokiston Savdo vazirligi ko'magida tashkil etiladigan xalqaro platforma hisoblanadi. Ko'rgazma har yili oziq-ovqat sanoati, agrar texnologiyalar va qayta ishlash sohalarida faoliyat yurituvchi ishlab chiqaruvchilar, investorlar va xaridorlarni bir maydonga jamlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi