Sian-Samarqand-Sian yo'nalishida yangi aviaqatnov ochilib, O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazildi
Iyun 18, 2024. 12:55 • 2 daq
• 442
Pekin, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Shensi provinsiyasining Sian shahrida "Zhejiang Loong Airlines" aviakompaniyasining Sian-Samarqand-Sian yo'nalishi bo'yicha birinchi parvoziga start berish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Shensi provinsiyasi gubernatori o'rinbosari Van Xaypen, "Zhejiang Loong Airlines" aviakompaniyasi prezidenti Gao Inchjan, Sian xalqaro aeroporti bosh direktori Tan Shaofey, Xitoy shimoli-g'arbiy mintaqasi fuqaro aviatsiyasi ma'muriyati rahbari o'rinbosari Niu Szyunmin va O'zbekiston elchixonasi vakillari nutq so'zlab, Sian-Samarqand-Sian yo'nalishida amalga oshiriladigan mazkur parvozning ahamiyatiga atroflicha to'xtalib o'tdilar.
Marosimda Xitoyning 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari, 30 ga yaqin madaniyat va turizm sohasi hamda 10 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Siandagi xorijiy diplomatiya vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.
Mehmonlarga so'nggi yillarda O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda mamlakatimizning turizm salohiyati haqida batafsil so'zlab berildi.
Tadbir chog'ida Van Xaypen Xitoy va O'zbekistonning eng muhim madaniy markazlari o'rtasida aviaqatnovlarning yo'lga qo'yilishi, mintaqaviy do'stona munosabatlar mustahkamlanishiga, xususan, mazkur hududlarning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, sayyohlar oqimini ko'paytirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarini yana-da rivojlantirishga yordam berishini ta'kidladi.
Shuningdek, O'zbekiston va Xitoy o'rtasida aviaqatnovlar sonini ko'paytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish nafaqat "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi maqsadlari bilan hamohang, balki ikki mamlakat davlat rahbarlari tomonidan 2023 yil 18 may kuni Sian shahrida imzolangan O'zbekiston bilan XXRning Qo'shma bayonoti, shuningdek, 2023-2027 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish Dasturi hamda O'zbekiston Prezidentining 2024 yil 23-25 yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi chog'ida tomonlar o'rtasida erishilgan kelishuvlarda ham o'z aksini topganligi bayon etildi.
Mazkur kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida ayni vaqtga kelib, ikki mamlakat o'rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazilganligi bildirildi.
Ushbu parvozlar "Uzbekistan Airways", "Zhejiang Loong Airlines" "China Southern Airlines" aviakompaniyalari tomonidan yo'lga qo'yilgan bo'lib, amalga oshirilayotgan reyslar Pekin-Toshkent o'rtasida 7 ta, Urumchi-Toshkent o'rtasida 5 ta, Sian-Toshkent o'rtasida 3 ta, Chendu-Toshkent o'rtasida 3 ta va Sian-Samarqand o'rtasida 2 ta ekanligi ma'lum qilindi.
Tadbir so'nggida Xitoy tomoni bilan mazkur yo'nalishdagi tizimli ishlarni izchil davom ettirishga xususan, sohaga oid shartnomaviy-huquqiy bazani yana-da takomillashtirgan holda yaqin kelajakda ikki mamlakat o'rtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Nukus va Samarqand YUNESKOning Global taʼlim shaharlari tarmog‘iga qo‘shildi