Fransiyaning nufuzli moliya tuzilmalariga “Yangi Toshkent” loyihasi taqdim etildi
Noyabr 27, 2026. 14:00 • 2 daq
• 21
PARIJ, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tomonidan Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasidagi investitsiya loyihalariga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish maqsadida yetakchi fransuz banklari, moliyaviy va investitsiya tashkilotlari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda “Bpifrance”, “UBAF”, “Crédit Agricole CIB”, “Natixis”, “CIC”, “IPEM” kabi nufuzli moliyaviy tuzilmalar vakillari qatnashdi.
Uchrashuv davomida fransuz ishbilarmonlariga Yangi Toshkent hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli investitsiya loyihalari, mavjud investitsiya lotlari hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar shaharning yirik infratuzilma va tijorat loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.
Fransiya moliya institutlari vakillari taqdim etilgan loyihalarga katta qiziqish bildirib, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida “Yangi Toshkent” direksiyasi va fransuz moliya institutlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, aniq investitsiya loyihalari uchun moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish, uchrashuvlar o‘tkazish, Fransiyada qo‘shma investitsiya taqdimotlari va roud-shoular tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
“Bpifrance” bilan 2027-yil boshida Fransiyada qo‘shma investitsiya taqdimotlari va roud-shoular o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi. Bundan tashqari, “IPEM” bilan 2027-yil 2–4-fevral kunlari Kann shahrida bo‘lib o‘tadigan “IPEM Wealth 2027” xalqaro forumi doirasida Yangi Toshkentning investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Fransiya moliya doiralari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik Yangi Toshkentni zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida barpo etish jarayoniga ilg‘or xalqaro tajriba, moliyaviy resurslar va investitsiya imkoniyatlarini jalb qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi