Logo

Varshavada O'zbekiston tarixi va bugungi kunini o'zida uyg'unlashtirgan noodatiy ko'rgazma bo'lib o'tdi

Iyul 03, 2025. 10:08 • 2 daq

550
Varshavada O'zbekiston tarixi va bugungi kunini o'zida uyg'unlashtirgan noodatiy ko'rgazma bo'lib o'tdi

VARSHAVA, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Varshavada taniqli fotosuratchi Stanislav Chernyavskiyning O'zbekiston tarixi va bugungi kuniga bag'ishlangan ko'rgazmasi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rgazmaning ochilish marosimida Polsha ekspert, akademik doiralar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Stanislav Chernyavskiyning aytishicha, mazkur ko'rgazmada O'zbekistonning boy tarixiy merosining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi oq-qora rangdagi suratlar to'plami taqdim etilgan. Ushbu ko'rgazma tomoshabinni qadimiy Xorazm vohasi sari sayohatga chorlaydi.

– To'liq plyonkada suratga olingan bu tasvirlar o'tmish va bugun o'rtasidagi chegarani taqdim etadi. Analog fotografiyaga xos bo'lgan usulda suratga olingan har bir asarda haqiqiy hayot aks ettirilgan. Go'yo biz uzoq vaqtdan beri yo'qolgan tarixiy arxivning tasodifiy topilmasini ko'rib turgandek bo'lamiz, – deydi u.

Ko'rgazmada polshalik fotomuxbirning G'arbiy O'zbekiston bo'ylab ekspeditsiyasiga, xususan, qadimgi Xorazmning sirli qal'alariga alohida e'tibor qaratilgan. Uning fotoobyektivi quyosh nurida "pishgan" zaminning go'zalligini, qadimiy qal'alar devorlarini va ko'p asrlik me'morchilikning nozik tafsilotlarini tarixga muhrlagan.

Qizilqum sahrosining bepoyon kengliklaridan tortib, Samarqanddagi Registon majmuasida joylashgan mahobatli madrasalarga oid har bir suratda sulolalarning yuksalishi va qulashi, ming yillar davomida saqlanib qolgan urf-odatlar, o'tmish bilan bugungi kunni bog'lab turgan chin insoniy tuyg'ular haqida hikoya qilinadi.

Ushbu ko'rgazma nafaqat O'zbekistonning shonli o'tmishining asl izlarini aks ettiradi, balki qadimiy maskanlar va bugungi kunda ularda yashayotgan odamlar o'rtasidagi jonli muloqotni ham taqdim etadi.

Shuningdek, mazkur ko'rgazma O'zbekiston bo'ylab sayohatga, balki ichki sayohatga ham undaydi. Bu orqali biz shaxsiy hayotimiz doirasidan chetga chiqib, davom etayotgan tarixning bir qismi ekanligimizni  yana-da teranroq anglaymiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish