Logo

AQSh va Qatar qiymati 1 trillion dollardan ziyod bo'lgan shartnoma imzoladi

May 15, 2025. 11:59 • 2 daq

78
AQSh va Qatar qiymati 1 trillion dollardan ziyod bo'lgan shartnoma imzoladi

TOSHKENT, 16 may. /"Dunyo" AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 14 may kuni umumiy qiymati 1,2 trillion dollardan ziyod bo'lgan bitimni imzoladilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Oq uy matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, qiymati 243,3 milliard dollardan ortiq bo'lgan tijorat kelishuvlari "Qatar Airways" uchun havo kemalari va aviatsiya dvigatellarini yetkazib berishni nazarda tutadi.

"Boeing" va "GE Aviation" aviakompaniyalari hamda "Qatar Airways" o'rtasida tuzilgan 96 milliard dollarlik tarixiy bitim doirasida 210 ta, shu jumladan "GE" dvigatellari bilan jihozlangan "Boeing 787 Dreamliner" va "777X" rusumli Amerika samolyotlari yetkazib beriladi. Bu "Boeing" tarixidagi keng fyuzelyajli samolyotlar buyurtmasi va "Boeing 787 Dreamliner" bo'yicha tuzilgan eng yirik shartnomadir. Ushbu kelishuv, shuningdek, AQShda ishlab chiqarish va yetkazib berish jabhalarida milliondan ortiq, jumladan yiliga 154 ming ishchi o'rnini yaratishga xizmat qiladi", – deyilgan bayonotda.

Bundan tashqari, AQSh va Qatar o'rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo'yicha ham ikki tomonlama bitim imzolangani ma'lum qilindi. Ushbu kelishuv, shuningdek, 38 milliard dollardan ortiq investitsiyalarni, jumladan, "Al-Udeyd" harbiy-havo bazasini birgalikda moliyalashtirish, havo hujumidan mudofaa tizimi hamda dengiz xavfsizligi sohasi bo'yicha kelajakka mo'ljallangan loyihalarni o'z ichiga oladi.

 Bundan tashqari, Amerikaning kvant hisoblashlarga ixtisoslashgan "Quantinuum" kompaniyasi va Qatarning "Al Rabban Capital" yetakchi kompaniyasi o'rtasida qo'shma korxona tashkil etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Kvant texnologiyalarini rivojlantirish va hamkorlikda kadrlar tayyorlashga mo'ljallangan mazkur loyihaga jalb etiladigan investitsiyalar hajmi qariyb 1 milliard dollarga baholanmoqda.

Ta'kidlanishicha, "Raytheon Technologies Corporation" (RTX) korporatsiyasi Qatarga dronlarga qarshi "FS-LIDS" tizimlarini yetkazib berish bo'yicha 1 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu orqali Qatar kichik uchuvchisiz uchish apparatlaridan himoya qilish uchun ishlab chiqarilgan "FS-LIDS" tizimining birinchi xalqaro xaridoriga aylandi. Kelishuv AQShda muhandislik va ishlab chiqarish sohalarida yuqori malakali ishchi o'rinlarini qo'llab-quvvatlashi va mamlakatning ilg'or mudofaa texnologiyalari sohasidagi pozitsiyasini mustahkamlashi kutilmoqda.

 Xabarda, shuningdek, yadroviy va aviatsiya texnologiyalari sohasidagi Amerikaning "General Atomics" kompaniyasi Qatar uchun AQShda ishlab chiqarilgan "MQ-9B" ko'p maqsadli uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib berish bo'yicha qariyb 2 milliard dollarlik shartnoma tuzgani ham ta'kidlangan.

"Ushbu yangi kelishuvlar ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga, o'n minglab yuqori maoshli ish o'rinlarini yaratishga hamda kelgusi o'n yilliklar davomida savdo va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi. Shuningdek, kelishuvlar yangi innovatsiyalarni joriy etish va kelajak avlod farovonligini ta'minlash, Amerikaning ishlab chiqarish va texnologik yetakchiligini mustahkamlash hamda AQShning yangi Oltin davri sari odimlashni qo'llab-quvvatlaydi", – deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.

"Reuters" agentligi olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish