Logo

Toshkentda Xitoy Raisi Si Szinpinning o'zbek tilidagi "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to'g'risida" nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi

Avgust 19, 2025. 15:34 • 2 daq

438
Toshkentda Xitoy Raisi Si Szinpinning o'zbek tilidagi "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to'g'risida" nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 19-avgust. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkent shahrida Xitoy Raisi Si Szinpinning o'zbek tilida ilk bor nashr etilgan "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to'g'risida" nomli kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tadbir Xitoy Inson huquqlarini o'rganish bo'yicha jamiyati, Xitoyning Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari bo'yicha boshqarmasi, XXR elchixonasi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

Kitob taqdimotida 14-chaqiriq Umumxitoy qo'mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy a'zosi, Milliy va diniy ishlar bo'yicha komissiya boshlig'ining o'rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o'rganish bo'yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Xitoy elchisi Yuy Szyun, XXRning Adabiyotlarni xorijiy tillarda nashr etish va tarqatish ishlari bo'yicha boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Yuy Tao, diplomatik korpus, ilmiy va akademik doiralar, davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Xitoy va O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspertlari ishtirok etdi.

Ma'ruzachilar o'z chiqishlarida "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to'g'risida" nomli kitob Xitoyning inson huquqlarini himoya qilish masalalariga oid konseptual yondashuvlarini ochib beruvchi nufuzli manba sifatida muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladilar. Ushbu kitobning o'zbek tilida nashr etilishi o'zaro ilmiy ma'rifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi e'tirof etildi.

Tadbir yakunida mehmonlar va ishtirokchilarga Xitoy Raisi Si Szinpinning "Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash to'g'risida" nomli kitobining o'zbek tilidagi nashri taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish