YUNESKO Ijroiya kengashi Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO-O'zbekiston mukofotini ta'sis etish to'g'risidagi qarorni bir ovozdan ma'qulladi
Oktabr 24, 2024. 12:08 • 2 daq
• 113
PARIJ, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. Shu yil 22-oktabr kuni Parij shahrida YUNESKO Bosh qarorgohida bo'lib o'tgan YUNESKO Ijroiya kengashining 220-sessiyasi yig'ilishida "Sun'iy intellekt odob-ahloqi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar uchun Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO-O'zbekiston mukofotini ta'sis etish to'g'risida"gi qaror YUNESKO Ijroiya kengashiga a'zo-davlatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur mukofotni ta'sis etish tashabbusi O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Shuningdek, 2023-yil 25-avgustida O'zbekiston Prezidentining "Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO - O'zbekiston xalqaro mukofotini ta'sis etishni qo'llab-quvvatlash to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.
Mukofot sun'iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag'batlantirishi ko'zda tutilgan. Shu bilan birgalikda, u jahon tamadduniga ulkan hissa qo'shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma'rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o'rganishga bo'lgan qiziqishni oshirish va keng targ'ib qilishga ham xizmat qiladi.
Beruniy nomidagi xalqaro mukofot O'zbekiston va YUNESKO o'rtasidagi tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalarida yangi sahifa ochib, nafaqat YUNESKO doirasida, balki butun BMT tizimi doirasida ham sun'iy intellektning odob-ahloq qoidalariga muvofiq rivojlanishiga va undan foydalanishga ko'maklashuvchi hamda ushbu sohadagi ilmiy yutuqlar va xalqaro hamkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan birinchi xalqaro mukofot hisoblanadi.
Mukofot har ikki yilda bir marotaba uchta g'olibga sun'iy intellekt odob-ahloqi bo'yicha tadqiqotlarni rivojlantirishga hissa qo'shadigan, bu sohadagi ilmiy hamkorlikni rag'batlantiradigan va sun'iy intellekt axloqiy tamoyillarining amaliy qo'llanilishini namoyish qiladigan aniq loyihalar va tashabbuslar uchun taqdim qilinadi. G'oliblar pul mukofoti, sertifikat hamda medal bilan taqdirlanadilar.
Beruniy nomidagi mukofotga nomzod sifatida YUNESKOga a'zo barcha davlatlardan alohida shaxslar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa muassasalar va nohukumat tashkilotlar tomonidan ko'rsatilishi mumkin. G'oliblar sun'iy intellekt sohasida katta tajriba va mavqeyga ega mustaqil xalqaro hakamlar hay'ati tavsiyasi asosida aniqlanadi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO-O'zbekiston mukofotining dastlabki g'oliblarini taqdirlash marosimi 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida o'tkaziladigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiya doirasida tashkil etish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi