Logo

AQSh va Suriya yetakchilari so'nggi 25 yilda ilk bor Ar-Riyozda uchrashdilar

May 14, 2025. 17:20 • 57 soniya

88
AQSh va Suriya yetakchilari so'nggi 25 yilda ilk bor Ar-Riyozda uchrashdilar

AR-RIYOZ, 14-may. /"Dunyo" AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida Suriya muvaqqat Prezidenti Ahmad ash-Sharaa bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Reuters" agentligining yozishicha, dastlab AQSh yangi tuzilgan Suriya hukumatiga qarshi barcha sanksiyalarni olib tashlash haqida bayonot bergan. Shundan so'ng, AQSh yetakchisi Donald Tramp Saudiya Arabistonidagi forum oldidan Suriyaning muvaqqat hukumati rahbari bilan uchrashuv o'tkazgan. AQSh Prezidenti rasmiy Vashington Damashq bilan munosabatlarni barqarorlashtirish istiqbollarini o'rganayotganini, shuningdek Suriyaning Isroil bilan aloqalarini yaxshilashi zarur ekanligini ta'kidlagan.

"Anadolu" agentligi xabariga ko'ra, uchrashuvda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'an ham onlayn tarzda ishtirok etgan.  

Ta'kidlash joizki, bugun Ar-Riyozda AQSh va Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) mamlakatlari sammiti boshlandi. Anjuman kun tartibidan xalqaro va mintaqaviy masalalar o'rin olgan.

Prezident Donald Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifining birinchi kuni texnologik forumdagi ishtiroki va ishbilarmonlik uchrashuvlari bilan ahamiyatli bo'ldi. Jumladan, Saudiya Arabistoni va AQSh o'rtasida 600 milliard dollarlik investitsiyaviy va Podsholikka 142 milliard dollarlik harbiy texnika sotish bo'yicha kelishuvlar imzolandi.

"NBC News" telekanali olgan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish