Shimoli-g'arbiy Pokistondagi terakt oqibatida 14 kishi halok bo'ldi
Iyun 30, 2025. 20:15 • 50 soniya
• 29
ISLOMOBOD, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. Shimoli-g'arbiy Pokistonda xudkush-terrorchi mashinani portlatib yuborishi oqibatida 14 nafarga yaqin askar halok bo'ldi va yana 25 kishi jarohat oldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

OAV ma'lumotlariga ko'ra, Shimoliy Vaziristonda xudkush-terrorchi portlovchi moddalar bilan to'ldirilgan avtomobilni harbiy konvoyga borib urishi natijasida 14 nafar askar halok bo'ldi. Yana 15 nafar askar hamda 10 nafar tinch aholi vakili, jumladan 6 nafar bola jarohatlangan.
Dastlabki tergov natijalariga ko'ra, hujumda 800 kilogramm portlovchi modda ishlatilgan. Bu esa hududdagi uylarga jiddiy zarar yetkazgan. Portlash uchun javobgarlikni "Hafiz Gul Bahodur" terrorchilik guruhi o'z zimmasiga oldi. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hujumni "qo'rqoqona harakat" deb atadi va "begunoh tinch aholi jabr ko'rganini" qo'shimcha qildi.
"Shimoli-g'arbiy Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasida bir nechta taqiqlangan jangari guruhlar borligi aytiladi. Ular tez-tez xavfsizlik xodimlariga hujum qiladi. Pokiston Afg'onistonni ularga boshpana berishda ayblaydi, ammo Kobul buni rad etadi", – deb yozadi "The Associated Press" agentligi.
"AFP" agentligi olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi