Janubiy Koreyada yangi tashqi ishlar vaziri tayinlandi
Iyun 23, 2025. 18:20 • 2 daq
• 80
SEUL, 23-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezident Li Chje Myon Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirining sobiq o'rinbosari, mamlakatning BMTdagi doimiy vakili bo'lib ishlagan 68 yoshli Cho Xyonni Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yangi rahbar etib tayinladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Janubiy Koreyaning "Yonhap" axborot agentligi tarqatgan xabarga ko'ra, davlat rahbari o'n bir vazirlik, shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari ro'yxatini e'lon qilgan. Deyarli yarim asrlik tajribaga va ko'p tomonlama diplomatiya sohasida mutaxassis sifatida obro' qozongan diplomat Cho Xyon Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi rahbari bo'ldi.
Qayd etilishicha, 1979-yilda diplomatik xizmatga kelganidan buyon Cho Xyon o'z faoliyatining katta qismini ko'p tomonlama diplomatiya va savdo masalalariga bag'ishlagan, xalqaro tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkilotida turli lavozimlarda ishlagan.
2019-2022-yillarda Koreya Respublikasining BMTdagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan. Bungacha u tashqi ishlar vazirining birinchi (2018) va ikkinchi (2017) o'rinbosari, Hindiston va Avstriyadagi elchi, mamlakatning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili lavozimlarida ham ishlagan.
Cho Xyon Seuldagi Yonse universitetini siyosatshunoslik yo'nalishini tamomlagan. Shuningdek, u AQShning Kolumbiya universiteti va Parijdagi Siyosiy tadqiqotlar instituti magistrlik darajasini hamda Tuluza universitetida xalqaro siyosat bo'yicha doktorlik darajasini olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi