Logo

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifalaridan biri – har bir fuqaromizning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir

Sentabr 07, 2025. 14:34 • 2 daq

37
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifalaridan biri – har bir fuqaromizning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir

TOSHKENT, 7-sentabr. "Dunyo" AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ayrim blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ilgari hal etilgan va o'z yechimini topgan ayrim masalalarning qayta muhokamaga olib chiqilayotganiga o'z munosabatini bildirdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"So'nggi paytlarda ayrim blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ilgari hal etilgan va o'z yechimini topgan ba'zi masalalarning qayta muhokamaga olib chiqilayotganini kuzatyapmiz, – deb yozdi O'zbekiston TIV matbuot kotibi Axror Burxanov o'zining telegram kanalida. – Bu kabi yondashuv, tabiiyki, jamoatchilikda asossiz chalkashlik va ortiqcha xavotir uyg'otishi mumkin.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va faol blogerlar! Sizning ovozingiz, xolis fikringiz va yoritayotgan mavzularingiz jamiyatimiz hayotida juda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun Sizlardan dolzarb, bugungi kun uchun haqiqatan ham muhim bo'lgan masalalarni ko'tarishingizni so'rab qolamiz.

Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining asosiy vazifalaridan biri – har bir fuqaromizning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir.

Bu borada biz doimo mas'ulmiz va vazifamizga qat'iy sodiqmiz. Shu yo'lda davlat idoralari, OAV va faol blogerlarning bir-birini to'ldiruvchi hamkorligi yanada muhimdir.

Biz hammamiz bir maqsad yo'lida – fuqarolarimiz farovonligi, Vatanimiz sha'ni va obro'sini ulug'lash yo'lida xizmat qilyapmiz. Shunday ekan, har bir so'zimizda, har bir xabarimizda mas'uliyatni chuqur his etib, yurtimiz ravnaqi yo'lida bir-birimizga ko'mak berishimiz zarur".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish