Logo

Toshkentda O‘zbekiston-Braziliya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

Dekabr 15, 2025. 10:24 • 2 daq

136
Toshkentda O‘zbekiston-Braziliya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 15-dekabr. /“Dunyo” AA/. Toshkent shahrida 10 dekabr kuni O‘zbekiston va Braziliya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, maslahatlashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov hamda Braziliya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Syuzan Kleyebank boshchilik qildilar. Tadbirda, shuningdek, Braziliyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Serjio Rodriges dos Santos ham ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Siyosiy muloqotning izchil rivojlanib borayotgani, tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi muntazam aloqalar hamda parlamentlararo hamkorlikning kengayib borayotgani qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish hamda qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Braziliya tomoniga qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika, sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan investitsiyaviy takliflar taqdim etildi.

Shuningdek, gumanitar hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, maktab o‘quvchilari va talabalarining xalqaro olimpiadalarda ishtirokini rag‘batlantirish, raqamlashtirish va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar xalqaro va iqlim kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar hamda BMT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Maslahatlashuvlar yakunida O‘zbekiston–Braziliya hamkorligini yanada chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish niyati qayd etildi.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish