Chexiya kompaniyalari O'zbekiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etishga tayyorligi bildirildi
May 17, 2025. 12:57 • 53 soniya
• 797
TOSHKENT, 17-may. /Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova kecha Chexiya elchisi Lubomir Frebort bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda tomonlar O'zbekistonning Pragada elchixonasi ochilishi muhimligini, bu ikki davlat o'rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo'lishini ta'kidladilar. O'zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari, jumladan, farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xo'jaligi va transport sohalariga chex sarmoyalarini ko'paytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, chex kompaniyalari O'zbekiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda, jumladan, Toshkent metropolitenini takomillashtirish va Urganchda tramvay yo'nalishlarini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Elchi, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirishga qiziqish bildirar ekan, Toshkent va Karlovi Vari o'rtasida haftada bir marta amalga oshiriladigan to'g'ridan-to'g'ri reys mavjudligini ta'kidladi. Bu esa Chexiyaga tashrif buyurishni xohlovchi O'zbekiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar ochib, mamlakatlar o'rtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tomonlar o'zaro hamkorlikning turli yo'nalishlarida faol aloqalarni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
"Dunyo" AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi