O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil va Eron o'rtasidagi qurolli to'qnashuvlar yuzasidan vatandoshlarimizga murojaat yo'lladi
Iyun 17, 2025. 16:36 • 2 daq
• 95
TOSHKENT, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston TIV bugun Isroil va Eron o'rtasidagi qurolli mojaro munosabati bilan vatandoshlarimizga murojaat yo'lladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"So'nggi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Isroil va Eron o'rtasidagi keskinlik yanada kuchayib, qurolli to'qnashuvlarga aylandi, –deyiladi hujjatda. – Bu esa nafaqat mintaqada, balki butun dunyo hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg'otmoqda.
Mojaroning avj olishi butun mintaqa barqarorligi va tinchligiga tahdid solayotgani shubhasiz. Bu jarayonlar, avvalo, oddiy fuqarolar – tinch aholi, ayniqsa bolalar va ayollar uchun og'ir oqibatlarga olib kelmoqda.
O'zbekiston Respublikasi urushni muammolarni hal etish vositasi deb emas, balki inson hayoti, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy xavf soluvchi holat sifatida baholaydi. Urushda g'olib bo'lmaydi. Eng katta yo'qotishni doim oddiy insonlar tortgan va bugun ham shunday bo'lmoqda.
O'zbekiston har doim tinchlikparvar siyosat yuritib kelgan va shunday davom etadi. Mamlakatimiz barcha davlatlar bilan do'stona va o'zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, O'zbekiston fuqarolarini tinchlikparvarlik, bag'rikenglik va mas'uliyatli fuqarolik pozitsiyasini saqlashga chaqirib qolamiz. Mojarolarga nisbatan diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida munosabat bildirmaslik, har qanday nafrat va ziddiyat targ'ibiga qarshi turish barchamizning umumiy burchimizdir.
Shuningdek, fuqarolarimizni turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslikka, holatlarga nisbatan hissiyot emas, balki vazmin munosabatni saqlab qolishga da'vat etamiz. Jamiyatimizda milliy va diniy totuvlikni saqlash – umumiy barqarorlik va xavfsizlikning muhim kafolati ekanligini eslatamiz.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha mojarolar xalqaro huquq normalari va diplomatik muloqot asosida tinch yo'l bilan hal etilishi tarafdori ekanini yana bir bor ta'kidlaydi. Tinchlik va o'zaro hurmat asosidagi munosabatlar har doim yurtimiz tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishi bo'lib qoladi".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi