Logo

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan avgust oyida O'zbekiston delegatsiyalarining xorijga 60 ga yaqin tashriflari ishlab chiqildi

Sentabr 04, 2025. 12:20 • 3 daq

83
O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan avgust oyida O'zbekiston delegatsiyalarining xorijga 60 ga yaqin tashriflari ishlab chiqildi

TOSHKENT, 4-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida avgust oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Qayd etilganidek, avgust oyi O'zbekiston tashqi siyosiy hayotida alohida dinamika, samarali muzokaralar va xalqaro maydondagi faol tashabbuslarga boy tarzda o'tdi. 

O'tgan oy davomida mamlakatimiz tashqi siyosiy faoliyati izchil davom ettirilib, xalqaro maydondagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi. Shu davr mobaynida yurtimizga 40 dan ortiq yuqori darajadagi tashriflar amalga oshirildi. O'zbekiston delegatsiyalarining esa xorijga 60 ga yaqin tashriflari ishlab chiqildi.

Xususan, 19-21-avgust kunlari Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Bahrayn va Qatarga tashrif buyurdi.

Tashriflar doirasida delegatsiya Bahrayn hukumati rahbarlari va vazirlik vakillari, shuningdek, mamlakat ishbilarmon doiralari bilan muzokaralar o'tkazdi bo'lsa, 21-avgust kuni Doha shahrida O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Qatar Amiri tomonidan qabul qilindi, mamlakatlarimiz o'rtasida Strategik sheriklik bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Bundan tashqari, O'zbekiston TIV rahbari mamlakatimizda bo'lib o'tgan tashriflar doirasida qator xorijiy delegatsiyalar hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan samarali muloqotlar o'tkazdi.

Jumladan, mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi bilan vazirliklar o'rtasida Strategik muloqot bo'yicha qo'shma kommyunike imzolandi. Ushbu hujjat siyosiy va iqtisodiy aloqalardan tortib, ta'lim va gumanitar sohalargacha bo'lgan barcha yo'nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

28 avgust kuni O'zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari AQSh Prezidentining global hamkorlik bo'yicha maxsus vakili Paolo Zampolli bilan uchrashuv o'tkazdi. Shuningdek, o'tgan oy mobaynida TIVda Daniya, Ukraina,Tojikiston, Fransiya, Latviya kabi qator xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari qabul qilindi.

Bundan tashqari, Iordaniya Bosh vazirining o'rinbosari, tashqi ishlar va ekspatriantlar masalalari bo'yicha vaziri Ayman Safadi, Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, YUNESKO bosh direktori Odri Azule, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqotlar o'tkazildi.

O'zbekiston tashabbusi bilan 26-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlarining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakillarining ilk uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Xalqaro munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yo'lida esa 24 xalqaro shartnoma va hujjatlar imzolandi. Masalan, 26-avgust kuni ko'hna Samarqand shahrida O'zbekiston va Iordaniya o'rtasida Viza talablarini bekor qilish to'g'risida bitim imzolandi va hujjat 30 kun ichida kuchga kiradi. Endilikda fuqarolarimiz 25-sentabrdan boshlab Iordaniyaga vizasiz sayohat qilishlari mumkin.

Konsullik-huquqiy faoliyat doirasida 12000 nafar O'zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko'rsatildi, chet elda mehnat faoliyati bilan shug'ullanish istagini bildirgan 1048 nafar yurtdoshimizni ish bilan ta'minlashga ko'maklashildi. Shuningdek, moddiy jihatdan og'ir vaziyatga tushib qolgan 812 nafar fuqaromizga jami 385281 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam berildi, vaqtincha saqlash muassasalarida bo'lgan 125 nafar fuqaro ozod qilindi. Murakkab sharoitdagi ishsiz, voyaga yetmagan yoki boquvchisiz qolgan 390 nafar yurtdoshimiz, shuningdek, odam savdosi qurboni bo'lgan 31 nafar fuqaro Vatanga qaytarildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish