Logo

TIVda O'zbekiston fuqarolarining Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga tashrif buyurmasdan viza yordamini olish mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

Iyul 07, 2025. 20:14 • 59 soniya

536
TIVda O'zbekiston fuqarolarining Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga tashrif buyurmasdan viza yordamini olish mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 7-iyul. /"Dunyo" AA/. TIVda "VFS Global" xalqaro kompaniyasining MDH va Sharqiy Yevropa mamlakatlari bo'yicha mintaqaviy direktori Shveta Mishra va O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Temur To'ychiyev bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, mamlakatimiz hududlarida "VFS Global" ofislari tarmog'ini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Jamoaviy guruhlarning arizalari bo'yicha kompaniya xodimlarining sayyor qabullari mexanizmini ishga tushirishga kelishib olindi. Ushbu xizmat shakli pullik asosda ko'rsatiladi hamda chekka hududlardagi ariza beruvchilarga, Toshkent va Samarqand shaharlaridagi markazlarga tashrif buyurmasdan viza yordamini olish imkonini beradi.

Shuningdek, O'zbekiston fuqarolari uchun respublikada diplomatik vakolatxonalari bo'lmagan mamlakatlarga (jumladan, Kanada, Argentina, Avstraliya va boshqalar) vizalarni rasmiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

Akkreditatsiyadan o'tgan konsulliklar mavjud bo'lmagan sharoitda vizani rasmiylashtirish qo'shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Shu munosabat bilan O'zbekiston tomoni jarayonlarning bir qismini mamlakatimiz hududiga ko'chirishga, jumladan, "VFS Global" ning mahalliy ofislari orqali biometrik ma'lumotlarni topshirish va onlayn suhbat o'tkazish imkoniyatini ko'rib chiqishni taklif etdi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, qo'shma tashabbuslarni amalga oshirish va O'zbekiston fuqarolari uchun viza xizmatlari sifatini oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish