Logo

"Berliner Zeitung": YUNESKO Bosh konferensiyasi o'z tarixida ilk bor Parijdan tashqarida o'tmoqda

Noyabr 03, 2025. 20:41 • 3 daq

88
"Berliner Zeitung": YUNESKO Bosh konferensiyasi o'z tarixida ilk bor Parijdan tashqarida o'tmoqda

BERLIN, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning yetakchi "Berliner Zeitung" onlayn nashrida "YUNESKO Bosh konferensiyasi o'z tarixida ilk bor Parijdan tashqarida" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi O'zbekistonning Samarqand shahrida o'tkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega. Muallifning ta'kidlashicha, 1945-yilda tashkil etilgan BMTning YUNESKO tashkiloti tarixida birinchi marta Bosh konferensiya Parijdan tashqarida — mag'rib va mashriqni bog'lab turgan qadimiy Buyuk Ipak yo'lining gavhari sanalgan Samarqandda bo'lib o'tmoqda.

Nashr yozishicha, mazkur nufuzli anjumanni Samarqandda o'tkazish qarori o'tgan yili Parijda bo'lib o'tgan Bosh konferensiyada qabul qilingan. Forum 2025-yil 13-noyabrgacha davom etadi va uning asosiy mavzusi YUNESKOning 2026–2029-yillarga mo'ljallangan dasturidir.

"Samarqandni tanlash Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyatning e'tirofi va ishonchi sifatida qaralmoqda. Sayyohlik markazi bo'lgan Samarqand dunyodagi eng qadimiy madaniy va sivilizatsiya markazlaridan biri bo'lib, YUNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Konferensiyani Samarqandda o'tkazish qarori mamlakatning ko'p asrlik tarixi va zamonaviy o'zgarish jarayonlari o'rtasidagi uzviy bog'liqlikni namoyon etadi", ­­­­­­- deyiladi maqolada.

 "Berliner Zeitung"da yoritilganidek, O'zbekiston ko'p yillardan beri YUNESKO bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Ustuvor yo'nalishlar qatoriga ta'lim, xalqaro muloqot, madaniy va tarixiy merosni muhofaza qilish hamda targ'ib etish kiradi. O'zbekiston tashabbusi bilan qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga O'zbekistondan Xivadagi Ichan-Qal'a, Samarqand, Buyuk Ipak yo'lining Zarafshon–Qoraqum yo'lagi, Buxoro va Shahrisabz tarixiy markazlari, G'arbiy Tyan-Shan hamda Turon cho'llari kiritilgan. O'zbek madaniyatining 16 elementi (ulardan 11 tasi 2016-yildan buyon) nomoddiy meros sifatida ro'yxatga olingan.

Ta'lim sohasida O'zbekistonda 8 ta YUNESKO kafedrasi va 24 ta maktab uyushmasi faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Samarqand davlat universitetida "Buyuk Ipak yo'li bo'ylab meros turizmini barqaror rivojlantirish" kafedrasi ochilgan. Toshkent va Farg'ona shaharlari tashkilot shafeligi ostidagi 79 mamlakatdan 356 shaharni qamrab olgan "Global o'quv shaharlari" tarmog'iga kirgan. Yaqin kelajakda bu ro'yxatga Samarqand va Nukus shaharlari ham qo'shilishi kutilmoqda.

YUNESKO kelgusi yillar uchun to'rtta strategik maqsadni belgilagan: ta'limda ishtirokni chuqurlashtirish, inson va tabiat o'rtasidagi uyg'unlikni ta'minlash, adolatli, inklyuziv va tinch jamiyatlarni rivojlantirish hamda insoniyat manfaatlari yo'lida innovatsiya va texnologiyalardan samarali foydalanishni rag'batlantirish.

Sun'iy intellekt sohasidagi etikaga oid tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida YUNESKO va O'zbekiston hamkorligida ta'sis etilgan, ikki yilda bir marta beriladigan xalqaro Beruniy mukofotining g'oliblarini taqdirlash marosimi ham Bosh konferensiya doirasida bo'lib o'tadi.

Samarqanddagi Bosh konferensiya uchun maxsus yaratilgan "Yashil bog'"da ramziy daraxt ekish marosimi o'tkazildi. Ushbu bog' O'zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiqligi va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashdagi faol pozitsiyasini ifodalaydi.

"Anjumanda Xitoy, Rossiya, Gruziya, Malayziya, Angola va boshqa davlatlar ishtirokida o'nlab tadbirlar o'tkazilishi rejalashtirilgan", ­­­-­ deb yozadi "Berliner Zeitung" nashri.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish