"El Mundo Financiero": YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o'tkazilishi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak baho
Oktabr 15, 2025. 11:38 • 2 daq
• 74

MADRID, 16 oktabr. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning ommabop "El Mundo Financiero" nashrida "YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi O'zbekistonning jahon madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasining e’tirofidir" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining 2025 yilda aynan Samarqand shahrida o'tkazilishi, so'nggi yillarda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga berilgan yuksak baho sifatida qayd etilgan.
"Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o'tkazish joyi sifatida tanlanishi O'zbekistonning madaniyat, ilm-fan, ta’lim kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yaqqol e’tirofi hamdir. Markaziy Osiyoning eng qadimiy va buyuk shaharlaridan biri bo'lgan Samarqand o'zining muhtasham me’moriy obidalari, boy tarixi bilan nom qozongan. Shahar Sharq va G'arbni bog'lagan Buyuk ipak yo'lining muhim chorrahasi vazifasini o'tagan", – deb yozgan muallif.
Nashrda ta’kidlanishicha, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilyapti. Bosh konferensiya doirasida O'zbekiston tomonidan YUNESKO bilan hamkorlikda qator qo'shma tadbirlar o'tkazilishi ham rejalashtirilgan.
"Bosh konferensiya arafasida Samarqand shahrida YUNESKO XIV Yoshlar forumi hamda YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiyalarning XII Mintaqalararo anjumanlari ham o'tkaziladi", – deya urg'ulangan.
Maqola yakunida, "YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi nafaqat O'zbekistonning jahon madaniy-ma’rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasining e’tirofi, balki tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash muhimligini yana bir bor ta’kidlash uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu anjuman xalqaro darajadagi madaniy almashinuv va barqaror rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish uchun o'ziga xos platforma bo'lib xizmat qiladi", – deb ta’kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi