Logo

Misr OAV: O'zbekiston YUNESKOning Oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to'g'risidagi global konvensiyasiga qo'shilishi mumkin

Oktabr 29, 2025. 08:23 • 2 daq

82
Misr OAV: O'zbekiston YUNESKOning Oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to'g'risidagi global konvensiyasiga qo'shilishi mumkin

QOHIRA, 29-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning "Sada al-Balad" axborot agentligi "O'zbekiston va YUNESKO: ta'lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikning yangi bosqichi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O'zbekiston YUNESKO bilan hamkorlik jarayonida ta'lim, fan va sport sohalaridagi xalqaro me'yor va tamoyillarni izchil tarzda amalga joriy etib kelmoqda.

"Ayni paytda mamlakat YUNESKOning Oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to'g'risidagi global konvensiyasiga qo'shilish bo'yicha amaliy ishlar olib bormoqda. Ushbu konvensiya xalqaro ta'lim tizimini yaqinlashtirish, diplom va malakalarni o'zaro e'tirof etish, talabalar va olimlar mobilligini kengaytirishni ko'zda tutadi", – deb yozilgan nashrda.

Ta'kidlanishicha, 2021-yil 10-dekabr kuni Toshkent shahrida "Oliy ta'lim sohasidagi malakalarni tan olish to'g'risidagi Konvensiyani qabul qilish va joriy etish maqsadida manfaatdor tomonlar hamkorligini mustahkamlash" mavzusida yuqori darajadagi mutaxassislar uchrashuvi bo'lib o'tgan. Unda milliy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari va ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etib, O'zbekistonning mazkur konvensiyaga qo'shilishi oliy ta'lim tizimini xalqaro makonga yanada integratsiyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlaganlar.

YUNESKOning "Delta Framework" dasturi asosida endilikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo'yicha milliy kompetensiyalar shakllantirilmoqda. Ushbu yangiliklar asosida pilot ta'lim muassasalari pedagoglari uchun maxsus o'quv kurslari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus nafaqat ta'lim tizimini modernizatsiya qilish, balki qishloq hududlarida barqaror rivojlanish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqishi va yoshlarning hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.

"YUNESKOning ezgu shiorida aytilganidek, "Tinchlikni ta'lim, fan va madaniyat orqali mustahkamlash" – Yangi O'zbekiston olib borayotgan siyosatning ham ma'naviy, ham amaliy mazmunini ifoda etadi. Mamlakat ana shu yo'lda izchil qadam tashlab, ilm va ma'rifat orqali tinchlik, taraqqiyot va barqaror kelajak sari intilib bormoqda", – deb yozilgan maqola xulosasida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish