Pokistondan munosabat: O'zbekiston Prezidentining nutqi forum ishtirokchilariga shunchaki murojaat emas, balki gumanizm, innovatsiya va global birdamlikni birlashtirgan konseptual harakatlar dasturi
Noyabr 01, 2025. 11:44 • 2 daq
• 56
ISLOMOBOD, 1-noyabr. /Dunyo" AA/. "Pakistan in the World" gazetasi muharriri Tazin Axtar "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-oktyabr kuni Samarqandda bo'lib o'tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqi haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Xalqaro munosabatlar va gumanitar hamkorlik bo'yicha pokistonlik mutaxassis sifatida men O'zbekiston Prezidentining Samarqandda bo'lib o'tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqidan chuqur taassurot oldim.
Avvalo, qadimiy Samarqand forum o'tkaziladigan joy sifatida ajoyib uzoqni ko'ra bilish bilan tanlangan. Bu nafaqat YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan shahar, balki sivilizatsiyalarning tirik ensiklopediyasi, ilm-fan, san'at va gumanizm beshigi.
O'zbekiston Prezidenti haqli ravishda ta'kidlaganidek, Bosh konferensiya 40 yildan keyin birinchi marta YUNESKO qarorgohidan tashqarisida o'tkazilmoqda va uning Samarqandda o'tkazilishi xalqaro hamjamiyatning zamonaviy O'zbekistonning islohotlari va ochiqligiga bo'lgan ishonchining kuchli ramziga aylandi.
Davlatingiz yetakchisi o'z nutqida zamonaviy dunyo duch kelayotgan eng dolzarb muammolarga, jumladan, xalqaro konsensus mexanizmlarining zaiflashishi, turli mojarolar tufayli madaniy yodgorliklarning vayron bo'lishi hamda bilim va texnologiyalarga kirishda tengsizlikning kuchayib borayotganiga to'xtaldi. Bu so'zlar, ayniqsa, davom etayotgan gumanitar inqirozlar fonida juda dolzarb edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nafaqat muammolarni bayon qildi, balki aniq qadamlarni ham taklif qildi - YUNESKOning Inklyuziv ta'lim platformasini yaratishdan tortib, Xalqaro raqamli meros institutini tashkil etish tashabbusigacha.
Nutqning ta'lim tizimiga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga bag'ishlangan qismi ayniqsa ta'sirli edi. "Sun'iy intellekt – maktab" loyihasini yaratish va professional ta'lim bo'yicha Butunjahon sammitini o'tkazish g'oyasi insoniyat kelajagi ta'lim va texnologik kompetensiyalar bilan shakllanishini tan olgan rahbarning strategik tafakkurini namoyish etadi.
Madaniy merosga ta'sir ko'rsatayotgan iqlim inqiroziga javoban global "YUNESKO ekologik poytaxti" tashabbusini amalga oshirish taklifi ham muhimdir.
Prezidentning bag'rikenglik va o'zaro tushunish tamoyillarini ilgari surish bo'yicha tashabbusi, shuningdek, O'zbekiston ilmiy markazlari - Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va boshqalar salohiyatidan Islom haqidagi noto'g'ri tasavvurlarga qarshi kurashish uchun foydalanishga chaqirig'i alohida e'tiborga loyiqdir. Bunday yondashuv Pokistonning madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash va musulmon jamoalariga nisbatan kamsitishga qarshi doimiy ravishda kurashib kelayotgan pozitsiyasiga mos keladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi forum ishtirokchilariga shunchaki murojaat emas, balki gumanizm, innovatsiya va global birdamlikni birlashtirgan konseptual harakatlar dasturi bo'ldi. Bu O'zbekistonning xalqaro maydondagi intellektual va axloqiy rolining o'sib borayotganini namoyish etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi