Samarqandda o'tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi Xitoy OAV nigohida
Oktabr 31, 2025. 11:04 • 3 daq
• 88
PEKIN, 31-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Xitoyning nufuzli "Kitay" jurnalida "YUNESKOning Samarqanddagi Bosh konferensiyasi: O'zbekistonning jahon merosini asrashdagi roli" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Manbada qayd etilishicha, xalqaro tashkilotlar tarixida yangi davr ramziga aylanishi mumkin bo'lgan voqealar kam uchraydi. Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasi o'tkazilishi ana shunday tarixiy voqealardan biri bo'lgan.
Bu safar YUNESKO Bosh konferensiyasi ilk bor 40 yildan so'ng Parijdan tashqarida Samarqandda o'tkazilmoqda. Bu tarixiy qaror O'zbekistonning ortib borayotgan xalqaro nufuzini, mamlakatning insoniyat madaniy va ma'naviy merosini asrashga qo'shayotgan hissasini namoyon etadi.
"Samarqand turli madaniyat va davrlar chorrahasida joylashgan shahar sifatida turli xalqlar muloqoti uchun maydongina emas, balki YUNESKOning tinchlik, bag'rikenglik va madaniy xilma-xillik kabi g'oyalarining ramziga aylandi. Bu yerda shunday yirik forumning o'tkazilishi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan "Uchinchi Renessans" g'oyasiga muvofiq ravishda madaniyat, ta'lim va fanni rivojlantirish siyosatiga berilgan yuksak bahodir", – deb yozilgan nashrda.
O'zbekiston 1993-yilda YUNESKO a'zo bo'lgan. 1996-yilda Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochilgan. So'nggi yillarda O'zbekiston rahbariyati va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule o'rtasidagi yaqin muloqot ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamladi.
Mamlakat ikki marta 1997-2001 va 2009-2013-yillarda YUNESKO Ijroiya kengashi a'zosi bo'lgan, 2022-yildan esa Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha qo'mita a'zosi hisoblanadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda 2022–2026-yillarga mo'ljallangan YUNESKOning Mamlakat dasturi amal qilmoqda. U ta'lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarini qamrab olgan.
Maqolada ta'kidlanishicha, ayni paytda O'zbekistonning yettita tarixi va tabiiy obyekti YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan. Ular orasida Buxoro tarixi markazi, Ichan-qal'a, Samarqand, Shahrisabz, Ipak yo'lidagi qadimiy shaharlar, G'arbiy Tyan-Shan va Turan cho'llari bor.
Shuningdek, o'zbek xalqining 16 ta nomoddiy madaniy merosi – shoshmaqom, Boysun madaniyati, baxshichilik, palov an'anasi va Navro'z bayrami kabi qadriyatlar ham YUNESKO ro'yxatiga kiritilgan. Bu madaniy elementlar o'zbek xalqi ijodkorligi va ma'naviy boyligini ifodalaydi.
So'nggi yillarda O'zbekiston tashabbusi bilan YUNESKO hamkorligida yirik madaniy forumlar o'tkazildi: "Sharq taronalari" festivali, "Atlas bayrami", maqom san'ati forumi, baxshichilik, Ko'qon hunarmandchilik va Xivadagi "Lazgi" raqs festivallari. Bu tadbirlar mamlakatni Yevroosiyo madaniy muloqoti markazlaridan biriga aylantirdi.
O'zbekiston YUNESKOda bir qator muhim rezolyutsiyalar tashabbuskori ham bo'ldi. Ular qatorida "Xiva jarayoni", "Toshkent deklaratsiyasi" hamda ta'lim va barqaror rivojlanishga oid hujjatlar bor.
"Samarqandda o'tkazilayotgan 43-sessiya nafaqat ikki yuzga yaqin mamlakat vakillarini yig'di, balki o'tmish va kelajakni bog'lovchi g'oyalar muhokama qilinadigan makonga aylanmoqda. Ilm va san'at gullagan bu zaminda insoniyat kelajagi haqidagi zamonaviy muloqot YUNESKO va "Uchinchi Renessans" ruhida kechmoqda", – deb yozilgan "Kitay" maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi