Logo

Samarqandda YUNESKO o'zining global missiyasida yangi bobni ochmoqda

Noyabr 03, 2025. 17:53 • 2 daq

52
Samarqandda YUNESKO o'zining global missiyasida yangi bobni ochmoqda

BUDAPESHT, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning yetakchi "Hungarian Conservative" axborot-tahliliy nashrida "Parijdan Samarqandgacha: YUNESKO o'zining global missiyasida yangi bobni ochmoqda" nomli maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta'kidlanishicha, Samarqand shahrida ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha o'tkazilayotgan YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kirish so'zi bilan ochilgan. Davlat rahbari ta'kidlaganidek, ushbu nufuzli tadbir so'nggi 40 yil ichida ilk marta konferensiya tashkilotning Parijdagi shtab-kvartirasidan tashqarida o'tkazilmoqda.

"YUNESKOning 43-Bosh konferensiyasining aynan O'zbekistonda o'tkazilishi chuqur ramziy ahamiyatga ega – chunki mamlakat mintaqaviy tinchlik va muloqotni mustahkamlashda muhim rol o'ynadi. Qolaversa, O'zbekistonning mintaqadagi davlatlar o'rtasida barcha sohalarda hamjihatlik va hamkorlikni rivojlantirishdagi o'rni tobora ortib bormoqda" – deyiladi manbada.

Shuningdek, tahliliy jurnalda Prezident Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston Markaziy Osiyoda tinchlik va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishgani, 2016-yildan buyon mamlakat Qirg'iziston va Tojikiston bilan munosabatlarni normallashtirishda, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishda katta natijalarni qo'lga kiritgani haqida so'z yuritilgan.

 "Hungarian Conservative"da konferensiyada Prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar haqida ham ma'lumot berilgan. Jumladan, ta'lim jarayonlariga sun'iy intellekt texnologiyalarini integratsiya qilish, insoniyatning nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish, xotin-qizlar liderligini rivojlantirish va kasbiy o'sishni qo'llab-quvvatlash, global iqlim inqiroziga qarshi kurashda birlashish hamda dezinformatsiyaga qarshi choralarni mustahkamlash kabi tashabbuslar haqida batafsil to'xtalib o'tilgan.

Materialning xulosa qismida, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar – ta'lim tizimini yangilash, mintaqaviy tinchlikni mustahkamlash, qo'shni va jahon mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirish, "yashil iqtisodiyot" g'oyasini ilgari surish kabi keng ko'lamli ishlar ushbu mamlakatni Markaziy Osiyoda hamkorlik va taraqqiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirgani qayt etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish