Logo

Samarqandda YUNESKO ishlari bo'yicha Milliy komissiyalarning 12-yig'ilishi bo'lib o'tdi

Oktabr 30, 2025. 18:56 • 2 daq

67
Samarqandda YUNESKO ishlari bo'yicha Milliy komissiyalarning 12-yig'ilishi bo'lib o'tdi

MOSKVA, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning "Vesti Turizm" axborot agentligi "Samarqandda YUNESKO ishlari bo'yicha Milliy komissiyalarning 12-yig'ilishi bo'lib o'tdi" sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada ta'kidlanishicha, shu yil 29-oktabr kuni Samarqand shahrida YUNESKO ishlari bo'yicha Milliy komissiyalarning 12-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Ushbu tadbir 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oldidan tashkil etildi.

Delegatlar YUNESKO faoliyatining asosiy yo'nalishlarini muhokama qildilar. Ular orasida yoshlar rolini oshirish, madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish va inklyuziv o'sish masalalari muhim o'rin tutdi. Yig'ilish tajriba almashish hamda YUNESKOning global ustuvor yo'nalishlarini milliy sharoitlarga moslashtirish bo'yicha strategiyalar ishlab chiqish uchun muhim minbar bo'ldi.

Yig'ilishni ochar ekan, O'zbekistonning YUNESKO ishlari bo'yicha Milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova tadbir kun tartibi juda mazmunli ekanini va u YUNESKO rivojlanishi uchun dolzarb bo'lgan masalalarni qamrab olganini ta'kidladi.

Yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Gayane Umerova ta'kidlaganidek, bu jarayonlar faqat bilim va ko'nikmalarni berish bilan cheklanmasligi kerak. O'zbekiston vakili yoshlarda qadriyatlarni, o'ziga ishonch va yetakchilik sifatlarini shakllantirish muhimligini qayd etdi, chunki aynan yoshlar o'z jamoalarda ijobiy o'zgarishlarning yetakchisiga aylanishlari lozim.

Nashrda ta'kidlanishicha, ma'ruzada davlatlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor o'rtasidagi hamkorlik ham muhim yo'nalish sifatida qayd etildi. "Milliy komissiyalar mahalliy ishtirokchilar bilan YUNESKOning global tarmoqlari – YUNESKO Assotsiyalashgan maktablar tarmog'i (ASPnet), klublar va kafedralar – o'rtasida vositachi vazifasini bajaradi. Yoshlar tashkilotlari, ilmiy doiralar, madaniy muassasalar va biznesni jalb etgan holda, ular resurslarni safarbar etadilar, dasturlar qamrovini kengaytiradilar va YUNESKO ustuvor yo'nalishlarini hayotga tatbiq etadilar. Bu YUNESKOni ko'p tomonlama hamkorlik maydoni sifatida mustahkamlaydi, bu yerda hamkorlik tinchlik va barqaror rivojlanishga asosiy turtki bo'lib xizmat qiladi", – deyilgan materialda.

Qayd etilishicha, konferensiyaning kutilgan natijasi YUNESKOni ko'p tomonlama hamkorlik platformasi sifatida yana-da mustahkamlash bo'ladi.

"Bu yerda yoshlar o'zgarishlarning harakatlantiruvchi kuchi, madaniyatlararo muloqot – tinchlik asosi, davlat, jamiyat va biznes hamkorligi esa barqaror rivojlanishga turtki bo'ladi. Ishtirokchilar yoshlarni jalb etish, madaniy merosni raqamlashtirish va tarmoqli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar bo'yicha kelishib oldilar. Bu esa Milliy komissiyalarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erish bo'yicha hissasini yana-da kuchaytiradi", – deya urg'ulangan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish