Vajiha Qamar: Samarqandda bo'lib o'tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi biz uchun ko'plab yangi imkoniyatlarni ochadi
Oktabr 31, 2025. 15:29 • 2 daq
• 114
SAMARQAND, 31-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Samarqandda o'tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ishtirokchisi, Pokiston ta'lim va kasb-hunar ta'limi bo'yicha davlat vaziri Vajiha Qamar "Dunyo" AA uchun intervyusida mazkur anjumanning ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirdi:

– Assalomu alaykum! Men bu go'zal Samarqand shahrida ekanligimdan xursandman. Samarqandni bunchalik go'zal shahar, deb hech o'ylamagan edim. Qayerga qaramang odamlar yuzida tabassum va mehmondo'stlik bilan munosabatda bo'ladi. Bugun men bandlik va kambag'allikni qisqartirish vaziri bilan uchrashdim. Ushbu uchrashuvning sababi shundaki, men davlat vaziri sifatida ta'lim va kasb-hunar ta'limi uchun mas'ulman. Ta'lim, esa barcha sohalarning poydevoridir. Kasbiy tayyorgarlik, ta'lim va qayta tayyorlash kambag'allikni qisqartirishi mumkin bo'lgan yo'l. Menimcha, bu yagona yo'l.
Men O'zbekistonga, YUNESKO Bosh konferensiyasiga kelganimda, o'yladim: nega bu imkoniyatdan foydalanib, aloqalarni o'rnatmaslik, sinergiya yaratish va kambag'allikni qisqartirish uchun birgalikda ishlashimiz mumkinligini anglamasligimiz kerak? Ma'lumki, Pokiston ham shunga o'xshash muammolarga duch kelmoqda. Mamlakatimizda aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadi, ular to'g'ri yo'nalishda yo'naltirilmasa, mamlakat uchun ham boylik, ham muammo bo'lishi mumkin.
O'zbekiston aholisining katta qismini, taxminan 60 foizi, 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil qiladi. Shuning uchun, o'qitish, kasbiy rivojlanish va qayta tayyorlash O'zbekiston uchun ham dolzarb. Biz hamkorlikni qanday yo'lga qo'yish, almashinuv dasturlarini tashkil qilish, kurslarni sertifikatlash va akkreditatsiya qilish, shuningdek, ko'nikmalar sohasida hamkorlik uchun qulay makon yaratishda bir-birimizga qanday yordam berish va qo'llab-quvvatlash mumkinligini muhokama qildik. Biz YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilib, kasb-hunar ta'limi sohasida sheriklikni ta'minlashimiz mumkin.
Qirq yildan so'ng YUNESKO bosh qarorgohidan tashqarida Bosh konferensiya sessiyasi O'zbekistonda o'tkazilmoqda – bu barchamiz faxrlanadigan voqeadir. Ushbu forum yangi imkoniyatlar va istiqbollarni ochadi.
Go'zal Samarqand zaminiga birinchi qadamni qo'yganimda, xayolimga nega bu yerga kelish haqida avval hech o'ylamaganman ekanman, degan o'y keldi. Bu sayyohlar uchun juda ajoyib maskan. Ko'pgina mintaqalar hali ham turistik diqqatga sazovor joylar sifatida rivojlanmagan. Konferensiyada 193 mamlakatdan vakillar ishtirok etishini hisobga olsak, bu biz uchun ko'plab yangi imkoniyatlarni ochishiga aminman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o'z ishini rasman yakunladi