Logo

"Sahm News": YUNESKOning Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish uchun ko'prik vazifasini o'taydi

Oktabr 16, 2025. 16:34 • 2 daq

43
"Sahm News": YUNESKOning Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish uchun ko'prik vazifasini o'taydi

AR-RIYOZ, 16-oktabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining ommabop "Sahm News" nashrida "YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi O'zbekistonning jahon madaniy-ma'rifiy taraqqiyotiga qo'shgan hissasining e'tirofidir" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o'tkazish joyi sifatida tanlanishi mamlakatning madaniyat, ilm-fan, ta'lim kommunikatsiya va axborot sohalaridagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yaqqol e'tirofi hamdir", – deya urg'ulangan maqola muqaddimasida.

  Nashrda Bosh konferensiya arafasida Samarqand shahrida YUNESKO XIV Yoshlar forumi hamda YUNESKO ishlari bo'yicha milliy komissiyalarning XII mintaqalararo anjumanlari o'tkazilishi ma'lum qilingan.

"So'nggi yillarda O'zbekiston-YUNESKO hamkorligi har tomonlama rivojlanmoqda. Jumladan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKO Bosh direktori Odri Azuleni bir necha bor qabul qildi. Xususan, so'nggi uchrashuv O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 12-mart kuni Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida bo'lib o'tdi", – deb yozilgan maqolada.

Bundan tashqari, nashrda bugungi kunda YUNESKOning muhim yo'nalishlaridan biri bo'lgan Butunjahon biosfera qo'riqxonalari tarmog'iga O'zbekistonning 2 ta obyekti kiritilgani xabar qilingan. Bular – Chotqol davlat biosfera rezervati va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati. 2022-yilda esa O'zbekiston tarixda ilk bor 2022-2026-yillar uchun YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha hukumatlararo qo'mitasi a'zoligiga saylangan.

"Sahm News" nashrida joylashtirishgan maqola so'nggida "O'zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyaning Samarqandda o'tkazilishi orqali yana bir bor jahon madaniyati va ilm-fanining muhim markazi sifatidagi rolini tasdiqlaydi. Shuningdek, Samarqand konferensiyasi madaniyatlararo muloqot sohasida tajriba almashish va ilg'or usullarni keng qo'llash uchun ko'prik vazifasini o'taydi", – deb yozilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish