Madriddan munosabat: “Yangi Toshkent” megaloyihasi Markaziy Osiyo taraqqiyotining yangi bosqichi ramziga aylanmoqda

May 20, 2026. 08:10 • 3 daq

42
Madriddan munosabat: “Yangi Toshkent” megaloyihasi Markaziy Osiyo taraqqiyotining yangi bosqichi ramziga aylanmoqda

MADRID, 20-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining 17­–18-may kunlari Boku shahriga amaliy tashrifi hamda Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi tadbirlaridagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasidagi Yetakchilar sammitidagi nutqi O‘zbekiston bugungi kunda Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanish, ijtimoiy adolat va zamonaviy urbanizatsiya transformatsiyasining faol tarafdorlaridan biriga aylanganini yana bir bor namoyon etdi.

Dunyo aholisi jadal o‘sib, urbanizatsiya jarayonlari misli ko‘rilmagan surʼatlarda kechayotgan hozirgi sharoitda aynan Shavkat Mirziyoyev kabi yetakchilar xalqaro hamjamiyatga nafaqat global tahdidlarni anglash, balki ularni hal etish bo‘yicha aniq va amaliy mexanizmlarni ham taklif qilmoqda. Uning nutqi chuqur strategik yondashuv, kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyat va barqaror hamda inklyuziv rivojlanish tamoyillariga sodiqlikni yaqqol namoyon qildi.

Yangi O‘zbekistonda uy-joy qurilishi va shahar infratuzilmasini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar alohida eʼtiborga loyiq. Yillik uy-joy qurilishi hajmining bir necha barobar oshirilgani, aholi uchun hamyonbop uy-joy dasturlariga katta mablag‘lar yo‘naltirilayotgani, norasmiy turar joylarni tartibga solishga qaratilgan qonunchilik bazasi shakllantirilgani va renovatsiya dasturlarining amalga oshirilayotgani mamlakat rahbariyatining tizimli va ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat yuritayotganidan dalolat beradi.

Ayniqsa, “Yangi Toshkent” megaloyihasi Markaziy Osiyo taraqqiyotining yangi bosqichi ramziga aylanmoqda. “Yashil”, “aqlli”, “xavfsiz” va “15 daqiqalik shahar” tamoyillariga asoslangan mazkur loyiha eng ilg‘or urbanizatsiya yondashuvlarni o‘zida mujassam etgan. Qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarining amalga oshirilayotgani esa xalqaro hamkorlarning O‘zbekiston iqtisodiy siyosati va sarmoyaviy salohiyatiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.

Prezidentning ekologik barqarorlik va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslari ham katta eʼtirofga sazovor. Xususan, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazishga qaratilgan “Yashil makon” va “Toza havo” dasturlari ekologik xavfsizlik hamda iqlim barqarorligiga masʼuliyatli yondashuv namunasidir.

Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish tashabbusi ham dolzarb ahamiyatga ega. Bu taklif raqamli transformatsiyaning global tendensiyalariga mos kelib, shahar boshqaruvi sohasida texnologiyalar, standartlar va ilg‘or tajribalar almashish uchun muhim xalqaro platformani shakllantirishi mumkin.

Bundan tashqari, Samarqand shahrida uy-joy qurilishini moliyalashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish va BMT–Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etish tashabbuslari ham O‘zbekistonning barqaror rivojlanish bo‘yicha global kun tartibini shakllantirishdagi faol rolini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, Prezidentning anʼanaviy mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish instituti – mahallaning ijtimoiy barqarorlik va jamoaviy hamjihatlikni taʼminlashdagi o‘rniga qaratayotgan eʼtibori ham yuksak bahoga loyiq. Bu zamonaviy taraqqiyot yondashuvlari milliy qadriyat va tarixiy anʼanalar bilan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatadi.

Bugun O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish, texnologik modernizatsiya, ijtimoiy masʼuliyat va barqaror rivojlanishni muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirayotgan davlat sifatida xalqaro maydonda tobora mustahkam o‘rin egallamoqda.

Ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoyevning urbanizatsiya, barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlik sohasidagi tashabbuslari global barqarorlikni mustahkamlash, aholi turmush sifatini yuksaltirish hamda kelajakning zamonaviy, xavfsiz va ekologik barqaror shaharlarini shakllantirishga xizmat qilishda davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish