Pokiston OAV: O‘zbekistonda bolalarning huquq va manfaatini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan
May 19, 2026. 19:25 • 3 daq
• 24ISLOMOBOD, 19-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda bolalarni himoya qilishga qaratilgan huquqiy yondashuvlarni va islohotlarni keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, «Associated Press of Pakistan», «The Nation», «Daily Ittehad», «The World News», «The Gulf Observer», «Pakistan Economic Network», «Global News Pakistan», «Infora News», «Dunya News» kabi markaziy nashrlarda «O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish islohoti:raqamli tahdidlarga qarshi yangi huquqiy yondashuv» sarlavhali maqola eʼlon qilingan.
Materiallarda O‘zbekistonda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, ayniqsa bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil taʼminlanib kelinayotgani alohida eʼtirof etilgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish, ular uchun xavfsiz muhit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
«Ushbu izchil siyosatning mantiqiy davomi sifatida, 2026-yil 17-aprelda qabul qilingan «Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim huquqiy qadamlardan biri bo‘ldi», – deyiladi maqolalarda.
Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unda bolalarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini har tomonlama kuchaytirishga qaratilgan tizimli yondashuv o‘z aksini topgan.
«Qonunning yana bir muhim jihati – jinoyat protsessida bolalar ishtirokini tartibga soluvchi normalarning kiritilishidir. Xususan voyaga yetmagan guvoh uchun qonuniy vakil ishtirokini taʼminlash majburiy qilib belgilandi, so‘roq qilish muddati bolaning yoshiga qarab aniq cheklab qo‘yildi. Bu normalar bolalarga nisbatan protsessual bosimni kamaytirish, ularning psixologik holatini muhofaza qilish hamda insonparvarlik tamoyillarini taʼminlashga xizmat qiladi», – deya qayd etilgan manbalarda.
Maqolalar xulosasida, «Mazkur Qonun bolalarni himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Eng muhimi, bu islohotlar bolalarning nafaqat huquqiy himoyasini, balki ularning shaʼni, qadr-qimmati va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan insonparvar siyosatning amaliy ifodasidir», – deb urg‘ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Pokiston matbuoti O‘zbekistonning urbanizatsiya sohasidagi islohotlarini eʼtirof qildi





