"Geopolitical Monitor": O'zbekiston nafaqat AQSH, balki boshqa global o'yinchilar uchun ham jozibador hamkorga aylanmoqda

Yanvar 09, 2025. 15:10 • 2 daq

108
"Geopolitical Monitor": O'zbekiston nafaqat AQSH, balki boshqa global o'yinchilar uchun ham jozibador hamkorga aylanmoqda

OTTAVA, 9-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi salohiyati Kanadaning "Geopolitical Monitor" tahliliy nashri e'tiborini jalb qildi va shu munosabat bilan tahlilchi Uaylder Alexandro Sanches mamlakatimizning bu boradagi istiqbolli hamkor sifatidagi ahamiyati haqida maqola chop etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif O'zbekiston muhim foydali qazilmalar sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan xalqaro platforma – Minerallar xavfsizligi bo'yicha hamkorlikning faol a'zosi ekanligini e'tirof etadi. Unga ko'ra, mamlakatning mazkur tashabbusda ishtirok etishi uning muhim minerallarning jahon bozoridagi roli ortib borayotganidan dalolat beradi.

"Respublika muhim foydali qazilmalar va noyob yer elementlari, jumladan, germaniy, kremniy, uran, reniy va tellurning katta zahiralariga ega", - deydi ekspert. – Mamlakat uran, reniy va tellur qazib olish bo'yicha dunyoning yetakchi o'ntaligiga kiradi, mis zaxiralari bo'yicha 15-o'rinda, molibden va kadmiy zaxiralari bo'yicha esa 20-o'rinda. Bu resurslar O'zbekistonni nafaqat AQSH, balki Yevropa Ittifoqi kabi boshqa global o'yinchilar uchun ham jozibador hamkorga aylantirmoqda".

Qayd etilishicha, O'zbekistonning tog'-kon sanoatida ham sezilarli o'zgarishlar kuzatilmoqda. 2023-yilda mazkur sohadagi o'sish qariyb 11 milliard AQSH dollarni tashkil etdi va mamlakat hukumati ushbu yo'nalishni yana-da rivojlantirishga faol intilmoqda. Muallif, shuningdek, hukumat 500 million AQSH dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini ishlab chiqishni rejalashtirayotgani xaqida so'z yuritadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish