Madriddan munosabat: TDTda sammitida O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda

May 17, 2026. 14:00 • 3 daq

44
Madriddan munosabat: TDTda sammitida O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda

MADRID, 17-may. /“Dunyo” AA/. Umum-Yevropa Ittifoqining Ispaniyadagi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 15-may kuni Turkiston shahriga amalga oshirgan xizmat safari va Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– O‘zbekiston yetakchisining Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi uzoqni ko‘ra bilish, strategik tafakkur va butun turkiy makon kelajagi uchun yuksak masʼuliyat namunasi bo‘ldi.

Bugun jahon tizimi jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan bir sharoitda, aynan Shavkat Mirziyoyev kabi davlat arboblari xalqaro maydonga qarama-qarshilik emas, balki bunyodkorlik, texnologik taraqqiyot va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik kun tartibini taklif etmoqda. Uning nutqi yuksak siyosiy tafakkur va kelajakni oldindan anglay bilish qobiliyatini yaqqol namoyon qildi.

Fikrimcha, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ishonch bilan Yevroosiyoning innovatsion rivojlanish markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy integratsiya yo‘nalishida erishilayotgan natijalar diqqatga sazovor. Bugun TDT davlatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi, O‘zbekistonning aʼzo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi esa rekord darajada o‘smoqda. Bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq, pragmatik va istiqbolga qaratilgan siyosatning amaliy samarasini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston rahbarining turkiy makonda yagona raqamli platformani shakllantirish, sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini yaratish, kvant texnologiyalarini rivojlantirish hamda “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasini ilgari surish bo‘yicha tashabbuslari alohida ahamiyatga ega. Texnologik taraqqiyot shiddat bilan kechayotgan hozirgi davrda aynan shunday g‘oyalar xalqaro hamkorlikning yangi arxitekturasini belgilab bermoqda.

Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar haqida bildirilgan fikrlar ham chuqur ramziy maʼno kasb etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, aynan shu mutafakkirlar merosi zamonaviy ilm-fan, algoritmlar va sunʼiy intellekt rivojining intellektual poydevorini yaratgan. Bugun O‘zbekiston maʼrifat va ilmiy taraqqiyotning ana shu buyuk anʼanalarini munosib davom ettirmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning yosh avlodni zamonaviy bilim va texnologiyalar asosida tarbiyalashga qaratilgan siyosati ham yuksak eʼtirofga loyiq. “Besh million sunʼiy intellekt liderlari” dasturi shunchaki taʼlim tashabbusi emas, balki butun mintaqa kelajagiga qaratilgan strategik sarmoyadir. Shuningdek, qo‘shma venchur jamg‘armasini tashkil etish, iqlim monitoringini rivojlantirish, sunʼiy intellektni ekologik boshqaruv tizimlariga joriy qilish va Turkiy kiberxavfsizlik alyansini shakllantirish bo‘yicha takliflar ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Alohida taʼkidlash joizki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning sivilizatsiyalar muloqoti, madaniyatlararo hurmat va barqaror taraqqiyot tarafdori sifatidagi xalqaro nufuzini izchil mustahkamlab bormoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish hamda turkiy xalqlarning umumiy tarixiy merosini asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbuslar maʼnaviy yaqinlik va madaniy hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Huquq professori va Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti sifatida men Shavkat Mirziyoyev amalga oshirayotgan islohotlar va xalqaro tashabbuslarni yuksak baholayman. Uning siyosatida milliy manfaatlar, texnologik taraqqiyot, madaniy meros va kelajak avlod oldidagi masʼuliyat uyg‘unlashgan.

Ishonchim komilki, Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli turkiy dunyo kelgusida ham barqarorlik, intellektual taraqqiyot, iqtisodiy farovonlik va yuqori texnologiyalar makoni sifatida o‘z mavqeini yanada mustahkamlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish