Pokiston trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari O‘zbekiston bozori salohiyatini o‘rganmoqda
May 17, 2026. 15:00 • 3 daq
• 5TOSHKENT, 17-may. /“Dunyo” AA/. Pokiston Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi delegatsiyasi aʼzolari O‘zbekistonga biznes-missiyasi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston tomoniga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Xususan, mamlakatimizda amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalardagi yengilliklar, zamonaviy infratuzilma hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari haqida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham maʼlumot berildi.
Pokiston vakillari O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik o‘rni, iqtisodiyotning barqaror o‘sish surʼatlari va ishbilarmonlik muhitining tobora yaxshilanib borayotganini yuqori baholadi. Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va siyosiy muloqotning faollashuvi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanini taʼkidlandi.
Pokistonlik tadbirkorlar, ayniqsa, to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Qayd etilganidek, O‘zbekiston paxta xomashyosi, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish borasida katta salohiyatga ega bo‘lib, bu ikki mamlakat tadbirkorlari uchun o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Muzokaralarda transport-logistika sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi transport yo‘laklarini rivojlantirish, yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish hamda eksport-import operatsiyalari samaradorligini oshirish masalalarini ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, qo‘shma biznes-forumlar va sanoat ko‘rgazmalarini tashkil etishga doir takliflar ilgari surildi. Mazkur tashabbuslar ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi urg‘ulandi.
Muzokaralar yakunida o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish va rejalashtirilgan loyihalarni amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Pokiston Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi investitsiyaviy tashabbuslarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Polshaning yirik to‘qimachilik kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda






