Logo

Xorijiy OAV: O'zbekiston Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida asosiy drayverga aylanmoqda

Noyabr 20, 2025. 15:11 • 2 daq

78
Xorijiy OAV: O'zbekiston Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishida asosiy drayverga aylanmoqda

AR-RIYOZ, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Toshkentda o'tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvlarida ilgari surilgan tashabbuslar va keng ko'lamli islohotlar xalqaro mediamaydonda katta qiziqish uyg'otmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, Iordaniyaning "Nayrouz" hamda Saudiya Arabistonining "Nabd al Hadath" nashrlarida e'lon qilingan maqolalarda Markaziy Osiyodagi yangilangan hamkorlik modeli, O'zbekistonning mintaqaviy integratsiya jarayonlaridagi faol roli hamda iqtisodiy va ekologik barqarorlik bo'yicha amaliy tashabbuslari keng yoritildi. Maqola mualliflar ta'kidlaganidek, yettinchi maslahat uchrashuvlari mintaqaning umumiy sanoat siyosati, investitsion muhiti va logistika zanjirlarini rivojlantirishda asosiy mexanizmga aylandi.

Nashrlarning yozishicha, O'zbekistonning qo'shni mamlakatlar bilan savdo aylanmasi barqaror o'sishda davom etmoqda. Qozog'iston bilan 2025-yilning to'qqiz oyida tovar ayirboshlash hajmi salkam 3,5 milliard dollarga yetdi. Qirg'iziston bilan 673 million dollar, Tojikiston bilan 571 million dollar, Turkmaniston bilan esa 750 million dollarga yaqin savdo aylanmasi amalga oshirildi.

Ushbu raqamlar dinamikasi mintaqada sanoatlashtirish, qo'shma ishlab chiqarish va investitsiyalarni rag'batlantirish bo'yicha ulkan imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, xorijiy OAVda YUNESKOning "G'arbiy Tyan-Shan" va "Turon cho'llari" transchegaraviy loyihalari, SHHT, IFAS, CAREC va "Markaziy Osiyo uchun Blue Peace" doirasidagi tashabbuslar haqida ham ma'lumotlar keltirilgan. 2024-yilda tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet – "Green University" mintaqada barqaror rivojlanish va ekologik ta'lim bo'yicha ilmiy markaz sifatida muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro nashrlar fikriga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlari o'zaro ishonch, pragmatizm va umumiy manfaatlarga tayangan yangi integratsiya modelini shakllantirmoqda. O'zbekiston esa investitsiya va sanoat hamkorligi, transport-logistika aloqalari hamda ekologik tashabbuslarni amalga oshirishdagi yetakchilik roli orqali mintaqada asosiy drayverlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish