Logo

Singapur OAV: O‘zbekiston davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy geoportallar joriy etilmoqda

Noyabr 25, 2025. 19:00 • 2 daq

80
Singapur OAV: O‘zbekiston davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy geoportallar joriy etilmoqda

SINGAPUR, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Singapurning nufuzli “Governance Matters Magazine” nashrida O‘zbekiston davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Singapurda joylashgan nufuzli “Chandler Institute of Governance” (CIG) xalqaro tashkiloti tomonidan nashr etiladigan “Governance Matters Magazine” jurnalida yozilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruv tizimida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda, sohada zamonaviy geoportallar joriy etilmoqda.

Maqolada taʼkidlanishicha, shu yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan BMTning Davlat xizmatlari forumi doirasida Singapurning “Chandler Institute of Governance” kompaniyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan anglashuv memorandumini imzolagan.

Ushbu hujjat davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot almashinuvi, taʼlim va malaka oshirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

“Mamlakatda 11 mingdan ortiq maktab va minglab tibbiyot muassasalarini qamrab olgan yirik xaritalash loyihasi amalga oshirilib, mazkur maʼlumotlar asosida ijtimoiy infratuzilmalarni rejalashtirish uchun zamonaviy geoportal ishlab chiqilgan”, – deb yozilgan Singapur nashrida.

Materialda aytilishicha, o‘zbek fuqarolarining davlat xizmatlari sifati va mavjud kamchiliklari bo‘yicha fikr bildirish imkoniyati yaratilgan. Va bu bo‘yicha monitoring ishlari amalga oshirilib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish borasida samarali harakatlar bajarilmoqda.

Maqola xulosasida O‘zbekistonning 2024-yilda BMTning “E-Government” indeksida yuqori toifaga kiritilgani hamda Jahon bankining “GovTech” indeksida 37 pog‘ona tepaga ko‘tarilgani qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish