Logo

Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi

Noyabr 27, 2025. 08:00 • 2 daq

96
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi

DUSHANBE, 27-noyabr. /"Dunyo" AA/. Dushanbe shahrida "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumi boʻlib oʻtdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur xalqaro forumda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining ayol vakillari, faol xotin-qizlar, qator xalqaro tashkilotlarning ekspert va mutaxassislari ishtirok etdi.

Oʻzbekistondan – Oliy Majlis Senati a'zosi Jamila Bobanazarova hamda Oila va xotin qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova ham qatnashdi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni ta'minlash, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda ayollarning faol ishtirokini oshirish, tajriba almashish, sohada hamkorlikni kengaytirish boʻyicha samarali muloqotni yoʻlga qoʻyishdir.

Muloqot jarayonida ayollar liderligi orqali erishilgan yutuqlar, faol ayollar va yoshlarning birgalikdagi sa'y-harakatlari, ayollarini qoʻllab-quvvatlashda ta'lim va tadbirkorlikning oʻrni kabi yoʻnalishlarda masalalar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari soʻnggi vaqtlarda jahonda sodir boʻlayotgan siyosiy inqiroz va nizolar natijasida ayollarga nisbatan diskriminatsiya holatlari kuzatilayotganini ta'kidlab, bu borada shu kabi xalqaro miqyosdagi tadbirlarning tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Shuningdek, joriy yilning 12-noyabr kuni Toshkent shahrida "Xotin-qizlar huquqlari va gender tenglikni ta'minlashda global hamda mintaqaviy yondashuvlar" mavzusida oʻtkazilgan xalqaro forum yuqori darajada tashkil etilgani e'tirof etildi.

Oʻzbekiston vakillarining mazkur muloqot doirasida tinchlik va xavfsizlikni qoʻllab quvvatlash, gender tengligini ta'minlash hamda tashkiliy va institutsional jihatdan takomillashtirish borasida bildirgan tashabbuslariga alohida e'tibor qaratildi.

Xalqaro uchrashuv davomida Gender istiqbollarini milliy siyosatga integratsiya qilish, raqamli inklyuzivlikni kengaytirish, tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash hamda atrof-muhit barqarorligi va tinchlik oʻrnatishda ayollar yetakchiligini kuchaytirish boʻyicha fikr mulohazalar almashildi.

Gender tenglik va ayollarni qoʻllab-quvvatlash sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar qabul qilindi.

Ekspertlar Oʻzbekistonning 2026-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumiga raislik qilishi hamda ushbu nufuzli tadbirning yuksak saviyada oʻtkazilishiga ishonch bildirishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish