Ispaniyaning yetachki axborot portalida O'zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo taraqqiyotiga bag'ishlangan maqolasi chop etildi
Noyabr 20, 2025. 14:40 • 2 daq
• 80
MADRID, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning "Otra Lectura" tahliliy-axborot portalida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida" sarlavhali maqolasi ispan va ingliz tillarida chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo o'z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga ega bosqichiga qadam qo'ymoqda. Muallifning so'zlariga ko'ra, mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo'lib xizmat qilayotgan o'zaro ishonch, yaxshi qo'shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda
Mintaqaviy hamkorlik borasida boshlangan yangi bosqichning eng muhim yutuqlaridan biri — chegara masalalari uzil-kesil hal etilganidir, -deya urg'u berilgan maqolada. Muallifning ta'kidlashicha, yaqin-yaqingacha imkonsiz tuyulgan bu muammoning yechimi bugun real holatga, bir paytlar bizni ajratib turgan chegaralar esa do'stlik va hamkorlik ko'prigiga aylandi. 2025-yil mart oyida O'zbekiston, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to'g'risidagi Shartnoma va Xo'jand deklaratsiyasining imzolangani tarixiy ahamiyatga molik hodisadir. Buni haqli ravishda olamshumul voqea deb atash mumkin.
Shuningdek, ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo'lgan suv-energetika sohasida ham prinsipial o'zgarishlar ro'y bermoqda. Ta'kidlanishicha, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston o'rtasida Qambarota GES-1 loyihasini birgalikda amalga oshirish to'g'risidagi bitim mintaqaning suv-energetika resurslaridan birgalikda foydalanish amaliyotida yangi sahifa ochgani qardoshlarcha hamkorlikning yorqin dalilidir.
"Eng muhimi, qardosh xalqlarimiz bo'layotgan barcha ijobiy o'zgarishlarni o'z kundalik hayotida his etmoqda. Yangi o'tkazish punktlari ochilgani, aviaqatnovlar, temir yo'l va avtobuslar yo'nalishlari yo'lga qo'yilgani o'zaro bordi-keldilarni bir necha bor oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish imkonini berdi. Mintaqa mamlakatlarining umumiy sayyohlik oqimida ichki mintaqaviy turizmning ulushi 80 foizdan oshdi",- deya iqtibos keltiradi manba.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi