Misr OAV: O'zbekiston va Misr o'rtasida barcha jabhada yangi aloqalar o'rnatilmoqda
Noyabr 21, 2025. 17:42 • 2 daq
• 680
QOHIRA, 21-noyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning nufuzli "Mobtada" va "5-seyasa" OAVda O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, ICESCO tashkiloti Ijroiy kengashi a'zosi Muzaffar Kamilovning "O'zbekiston va Misr: ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy aloqalar rivojida yangi davr" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolalarda ta'kidlanishicha, O'zbekiston va Misr o'rtasidagi munosabatlar so'nggi yillarda ancha rivojlanib, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy sohalarda yangi imkoniyatlar yaratildi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi o'rtasidagi muloqotlar ikki mamlakat o'rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
O'zbekistonning tarixiy va madaniy merosi, zamonaviy islohotlari Misr jamoatchiligida katta qiziqish uyg'otmoqda. O'zbekiston o'zining boy tarixi va madaniyati bilan birga, turizm sohasida ham Misr uchun qiziqarli yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar musulmon sivilizatsiyasining markazlari sifatida qaralib, misrlik sayyohlar uchun jozibadordir.
OAVda yozilishicha, O'zbekiston va Misr o'rtasida ta'lim sohasida ham hamkorlik o'smoqda. Ta'lim dasturlari va darsliklarning almashinuvi ikki xalq o'rtasida o'zaro tushunishni va ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi. Madaniy tadbirlar va Al-Azhar universiteti vakillarining turli faoliyatlarda ishtiroki ikki mamlakatning ta'lim va diniy muassasalar o'rtasidagi kuchli aloqalarni ko'rsatadi.
Shuningdek, Qohira va Toshkent o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlarning yo'lga qo'yilishi fuqarolar o'rtasidagi aloqalarni kuchaytiradi va madaniy almashinuvni yana-da rivojlantiradi.
"Umuman olganda, O'zbekiston va Misr o'rtasidagi hamkorlik ikki mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Bu aloqalar kelajakda yana-da mustahkamlanishi va yangi imkoniyatlarni ochishga zamin yaratadi", – deya fikr yuritilgan nashrlarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi